Erdo‘g‘an Haftar haqida: “Men terrorchi bilan bir stolda o‘tirmayman, o‘tirgani ham qo‘ymayman”
Olam
−
20 yanvar 2020
10018Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Liviya milliy armiyasi rahbari Xalifa Haftar bilan muzokaralar stolida o‘tirmasligini ma’lum qildi.
Yakshanba, 19 yanvar kuni Berlinda Rossiya, AQSH, Turkiya, Misr va boshqa davlatlar, shuningdek, YeI va BMT ishtirokida Liviya masalasi bo‘yicha xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Sammitda Liviya milliy birdamlik hukumati rahbari Faiz Sarroj va Liviya milliy armiyasi generali Xalifa Haftar ham bo‘lishdi. Lekin ular yana to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaraga kela olishmadi.
“Men Putinga biz vositachi rolini o‘ynamaymiz, deya darrov aytdim. Putin muammoni hal etish uchun Sarroj bilan ishlashimni, o‘zi esa Haftarni gardaniga olishini ta’kidladi. Bizda ana shunday yondashuv mavjud. Umuman olganda, siyosiy qarashlarimga ko‘ra, men terrorchi bilan bir stolda o‘tirmayman, o‘tirgani ham qo‘ymayman”, degan Erdo‘g‘an jurnalistlar bilan uchrashuvda.
Ma’lumot o‘rnida: 2011 yilda Liviyada Muammar Qazzofiy hokimiyatdan ag‘darilib, o‘zi o‘ldirilgach, mamlakatda siyosiy inqiroz boshlangan. Liviyada hozirgacha qo‘shhokimiyatchilik hukm suradi. Amalda davlatchilik yo‘q. Sharqda saylangan parlament hokimiyati o‘rnatilgan bo‘lsa, Tripoli va g‘arbni BMT va Yevropa Ittifoqi ko‘magida shakllantirilgan Faiz Sarroj boshliq Milliy birdamlik hukumati boshqaradi.
Sharqdagi hukmron doiralar rasmiy Tripolidan mustaqil va LMA qo‘mondoni Xalifa Haftar bilan hamkorlik qiladi. Haftar kuchlari 2019 yilning aprelida poytaxt Tripolini egallash uchun harbiy harakatlarni boshlagandi.
Sarvar Anvar o‘g‘li
LiveBarchasi