Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga kirishiga yo‘l qo‘ymasligini aytdi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 16 may kuni Anqara Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga kirishiga rozi bo‘lmasligini aytdi. Bunga ikki davlat Anqaraning terrorchilikda gumon qilinganlarni ekstraditsiya qilish bo‘yicha so‘roviga rad javobini bergani sabab bo‘lgan.

“Ular terrorchilarni bizga topshirmaydi degan xabarlar bor. Biz bu ikki davlatning NATOga a’zo bo‘lishiga “ha” demaymiz”, degan Turkiya Prezidenti Anqarada Jazoir Prezidenti Abdulmajid Tebbun bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

U Finlyandiya va Shvetsiya delegatsiyalarini rasmiy Anqarani ko‘ndirish uchun Turkiyaga borib ovora bo‘lmaslikka chaqirdi.

“Hatto ularning (Shvetsiya va Finlyandiya – tahr.) parlamentlarida ham terrorizm tarafdorlari bor. Ular bizni ishontirishga kelishadimi? Ular o‘zlarini bezovta qilmasinlar. Birinchidan, bu jarayonda Turkiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llayotganlarga NATOga a’zo bo‘lishi uchun “ha” demaymiz”, degan Turkiya Prezidenti.

Uning qo‘shimcha qilishicha, agar Turkiya Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilishiga rozi bo‘lsa, Shimoliy Atlantika alyansi “terrorchilar konsentratsiyasi”ga aylanadi. 

“NATOga a’zo bo‘lish iltimosiga Turkiyaga sanksiya qo‘yganlarga ijobiy javob bermaymiz. Xavfsizlikni ta’minlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotga. Keyin NATO xavfsizlik tashkiloti bo‘lishni to‘xtatib, terrorchilar to‘plangan joyga aylanadi”, deydi Erdo‘g‘an.

Ma’lumot uchun, Xelsinki va Stokgolm 2019 yilda Turkiyaning Suriyadagi transchegaraviy operatsiyalari munosabati bilan mamlakatga mudofaa sanoati mahsulotlari eksportini cheklagan.

Kecha, 16 may kuni ertalab Turkiyaning TRT telekanali NATOga qo‘shilishi hozirgi bosqichda Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanmayotgan Finlyandiya va Shvetsiya Anqaraning terrorchi deb tan olingan guruhlar faoliyatiga aloqadorlikda gumon qilingan 33 nafar shaxsni ekstraditsiya qilish haqidagi iltimosini qondirishdan bosh tortgani haqida xabar bergan edi. Turkiya hukumati “PKK (Kurdiston ishchilar partiyasi – tahr.) va FETO (“Fetullohchi terrorchilik tashkiloti”) terrorchilari”ni ekstraditsiya qilishni so‘ragan. Biroq Xelsinki va Stokgolm ularni Anqaraga ekstraditsiya qilishdan bosh tortgan. TRT xabariga ko‘ra, Finlyandiya va Shvetsiya ba’zi so‘rovlarga salbiy javob bergan, ba’zilari esa butunlay javobsiz qolgan.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi.

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi 

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi. 

“Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi Shimoliy Yevropa mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni saqlashga hamda Rossiya-Finlyandiya ikki tomonlama munosabatlariga jiddiy zarar yetkazadi. Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘ladi”, deyiladi Rossiya TIV bayonotida.

Bundan tashqari, Shvetsiyaning hukmron Sotsial-demokratik partiyasi rahbariyati 15 may kuni Alyansga qo‘shilish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini e’lon qiladi. OAV xabarlariga ko‘ra, mamlakat kelasi hafta NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza beradi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala Skandinaviya davlatiga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi.

15 may kuni Finlyandiya ham, Shvetsiya ham NATOga a’zo bo‘lishga qaror qilganini bildirdi. Keyinroq Shvetsiya Anqaraga delegatsiya yuborishi, Finlyandiya Prezidenti esa shaxsan Erdo‘g‘an bilan kelishmovchiliklarni muhokama qilishga tayyorligi aytildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

87

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing