Erdo‘g‘an Eronni xato qilishdan tiyilishga chaqirdi (video)

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Eronni xato qilishdan tiyilishga va qaysarlik qilmaslikka chaqirdi. Bu haqda u kecha, 9 mart kuni hukumat yig‘ilishidan so‘ng qilgan chiqishida so‘z ochdi.
 
Prezident Erdo‘g‘an bayonotida Eronning xatti-harakatlarini tanqid qilib, ularni “juda noto‘g‘ri va provokatsion” deb atagan.

“Eron rasmiylariga zarur ogohlantirishlar berildi. Ammo samimiy ogohlantirishlarimizga qaramay, Turkiyaning do‘stligiga putur yetkazadigan, juda noto‘g‘ri va provokatsion qadamlar tashlashda davom etmoqda. Xalqimiz qalbi va ongida chuqur jarohatlar qoldiradigan, ming yillik qo‘shnichilik va birodarlik munosabatlariga soya soladigan yo‘lga kirilmasligi kerak”, deydi davlat rahbari.

Shuningdek, Prezident ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni hurmat qilish zarurligini eslatib, Eronni xato qilishdan tiyilishga va qaysarlik qilmaslikka chaqirgan.

“Turkiyaning o‘rni ham, pozitsiyasi ham aniq. Mojaro yanada kengaymasligi va yana ko‘proq qon to‘kilmasligi uchun ko‘rsatayotgan sa’y-harakatlarimiz ham hammaga ma’lum. Shu voqea doirasida yana bir bor aytaman – xato qilishda oyoq tirab olmasligi kerak. Biz voqealarni NATO va boshqa ittifoqchilarimiz bilan hamkorlikda kuzatishda davom etamiz hamda xavfsizligimizni mustahkamlash uchun qo‘shimcha choralar ko‘ramiz”, deydi Erdo‘g‘an.

U bayonotida “Ikki davlat – bir millat” shiori asosida Turkiya Ozarbayjon boshchiligida mintaqadagi qardosh davlatlar bilan ham birdamligini ta’kidlagan.

Bundan tashqari, Erdo‘g‘an Turkiyada muxolifat tez-tez tanqid qiladigan yana bir masala – chegara xavfsizligi haqida ham to‘xtalgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha Turkiya chegaralarida hech qanday jiddiy muammo yoki harakatlanish kuzatilmayapti.

Prezident chegaralarda, bojxona punktlarida va tegishli viloyatlarda profilaktik choralar kuchaytirilgani, davlat idoralari o‘rtasidagi vazifalar aniq belgilanganini ham aytgan. Zarurat tug‘ilganda ishga tushiriladigan reja, muvofiqlashtirish markazlari va tezkor choralar mexanizmlari ham tayyor holda ekanini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Eron Erdo'g'an

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing