Erdo‘g‘an dollar ortidan oshib ketgan inflyatsiyani tushirishga bel bog‘ladi

Olam

image

Turkiya hukumati inflyatsiya darajasini pasaytirish uchun samarali choralar ko‘rishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha telemurojaatida aytib o‘tdi. 

“Endi bizning asosiy muammomiz yuqori inflyatsiya. Biz uni ham yengamiz”, dedi Turkiya rahbari. 

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Turkiyaning tegishli idoralari qo‘shilgan qiymat solig‘i tushirilishi narxlarga ta’sir qilish-qilmasligini nazorat qiladi va bunga qarshi chiqqan kompaniyalarga nisbatan zaruriy jazo choralarini qo‘llaydi. 

Prezident elektr energiyasi va gaz narxi yuqori bo‘lgan sharoitda aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini ham ma’lum qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Erdo‘g‘an joriy yilning 1 martidan bir qator muhim oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 8 foizdan 1 foizga tushirilishini e’lon qilgandi. 

Ma’lumot o‘rnida, Turkiyada inflyatsiya o‘tgan yilning dekabr oyida 13,58 foizga oshib, 2021 yilda turk lirasi kursidagi tebranishlar fonida 36,08 foizga yetdi. 

O‘tgan yil oxirlarida Turkiya moliya tizimi milliy valyutaning qadrsizlanishi tufayli qiyin kunlarni boshdan kechirdi. Markaziy bank hisob stavkasini ketma-ket bir necha marta pasaytirganidan so‘ng, u keskin tezlashdi: 20 dekabrda dollar kursi rekord darajadagi 18,4 liraga yetdi. 

Erdo‘g‘an 2019 yil iyulidan buyon Markaziy bank rahbarini uch marta, 2021 yil noyabridan esa Moliya vazirini ikki marta almashtirgan. Muxolifat yetakchilari Erdo‘g‘anni iqtisodiy qobiliyatsizlikda ayblab, muddatidan oldin saylov o‘tkazishga chaqirdi. Turkiya rahbari bu taklifni rad etib, Turkiyada prezidentlik va parlament saylovi rejalashtirilganidek 2023 yil iyun oyida bo‘lib o‘tishini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

80

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing