Erdo‘g‘an dekabrda Gretsiyaga boradi
Olam
−
14 noyabr 2023
3210Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an joriy yilning 7 dekabr kuni ikki mamlakat hamkorlik kengashi majlisida ishtirok etish uchun Gretsiyaga boradi. Bu haqda Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis Berlindagi Germaniya Kansleri Olaf Shols bilan o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Mitsotakisga ko‘ra, Gretsiya va Turkiyaning HAMAS haqidagi fikrlaridagi farq Erdo‘g‘anning Afinaga tashrifiga to‘sqinlik qilmaydi.
“HAMAS terroristik tashkilot bo‘lib, uning harakatlari Gretsiya hukumati tomonidan keskin qoralanadi. 7 oktyabr kuni Isroilga qilingan vahshiyona hujumning suratlarini ko‘rish men nimani nazarda tutayotganimni tushunish uchun yetarli. Ammo Erdo‘g‘an bilan HAMASning roli borasida kelishmovchiliklarga duch kelganimiz, uni Afinada kutib ololmasligimizni anglatmaydi”, deydi Bosh vazir.
Shuningdek, Mitsotakis Gretsiya xalqaro huquq va dengiz huquqini hurmat qilgan holda Turkiya bilan yaxshi munosabatlarga intilayotganini qayd etgan.
“Prezident Erdo‘g‘anning 7 dekabr kuni bo‘ladigan tashrifi yordamida bu munosabatlarni yanada mustahkamlashga harakat qilamiz”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an yaqin orada BMT Bosh Assambleyasida Yaqin Sharqda o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyasi bo‘yicha ovoz berishda betaraf qolgan 45 davlat rahbarlari bilan telefon orqali muloqot qilishi haqida xabar berilgan edi.
LiveBarchasi