Erdo‘g‘an Ayya Sofiya masalasiga so‘nggi nuqtani qo‘ydi

Olam

image

Avvalroq, Turkiya Davlat kengashi Istanbuldagi Ayya Sofiyani masjidga aylantirishga to‘siq bo‘layotgan 1934 yilda Mustafo Kamol Otaturk tomonidan imzolangan obidaning maqomi to‘g‘risidagi farmoyishni bekor qilgani haqida xabar bergan edik.

Oradan ko‘p o‘tmay Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ayya Sofiyani masjid sifatida ibodat uchun ochish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Turkiya hukumatining Ayya Sofiyani masjidga aylantirish maqsadi ko‘pchilik davlatlarning noroziligiga sabab bo‘lgandi. Ammo hukumat o‘z niyatidan qaytmadi, shu bilan birga ibodatxonadagi xristianlikka aloqador mozaikalar saqlab qolinishini ma’lum qildi.

Ayya Sofiya: muzeydan masjidga

Joriy yilning 2 iyul kuni Turkiya Oliy sudi Avliyo Sofiya ibodatxonasining maqomi Prezident farmoni bilan o‘zgartirilishi mumkinligi to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Ta’kidlanishicha, mamlakatning birinchi Prezidenti Mustafo Kamol Otaturkning 1934 yilda qabul qilingan Avliyo Sofiya ibodatxonasining maqomi to‘g‘risidagi farmoyishi qonuniy hisoblanadi, ammo amaldagi davlat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an uni o‘zgartirish huquqiga ega.

Avliyo Sofiya yana masjidga aylantirilsa, u yerda 15 iyul – Turkiyada davlat to‘ntarishi o‘tkazishga bo‘lgan urinishning to‘rt yilligi munosabati bilan namoz o‘qilishi taxmin qilinyapti. Bu o‘z navbatida yakuniy qaror qabul qilishga o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin.

Erdo‘g‘anning AQSH va Gretsiyaga javobi

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 2019 yilning mart oyida TRT telekanaliga bergan intervyusida ushbu muzey yana masjidga aylantirilishiga ishora bergan edi. Joriy yilning 29 may kuni Istanbul shahri Fotih Sulton tarafidan fath etilgan kun munosabati bilan Ayya Sofiyada Qur’oni karimning Fath surasi o‘qildi. Shundan so‘ng bahs-munozaralar avjiga chiqdi. 

Bu orada holatga Gretsiya Tashqi ishlar vazirligi munosabat bildirib, Ayya Sofiyada Qur’on oyatlarining o‘qilishini, xristianlarning diniy tuyg‘ulari oyoqosti qilinishi deb baholadi. 

Oradan ko‘p o‘tmay, AQSH Davlat departamenti ham holatga nisbatan munosabatini bildirib, Ayya Sofiyaning ko‘p dinli tarixini saqlab qolishni qo‘llab-quvvatlashini ochiqlagan. Departament Xalqaro diniy erkinlik to‘g‘risidagi hisobotlarni ro‘kach qilgan.

Prezident Erdo‘g‘an kechagi nutqida AQSH va Gretsiyaning iddaolariga qarshi gapirarkan, Turkiyaning ichki ishlariga boshqa mamlakatlarning aralashishga haqi yo‘qligini urg‘uladi. U so‘zida davom etarkan, Turkiya barcha din vakillariga ochiq mamlakat ekanini qayd etdi.

3 iyul kuni Istanbuldagi yangi masjid qurilishiga tamal toshi qo‘ygan Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an nutq so‘zlab, Turkiyaning ichki ishlariga aralashishga hech kimning haqi yo‘qligini eslatib, shunday degandi: 

“Biz dunyoning boshqa o‘lkalarida o‘z vatandoshlariga xizmat qilib kelayotgan ibodatxonalarning ishiga aralashmayapmizmi, demak boshqalarning ham bizning ibodatxonalarimiz ishiga aralashishga haqi yo‘q”.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

288

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing