Erdo‘g‘an AQSHning Gretsiyadagi bazalari Rossiyaga qarshi ekaniga shubha bildirdi
Olam
−
09 iyun 2022
8726Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an AQSHning Gretsiyada joylashgan harbiy bazalari aynan Rossiyaga qarshi qaratilgani haqidagi iddaolarga ishonmaydi. Bu haqda u kecha, 8 iyun kuni Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro bilan muzokara yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
“Hozirgacha Gretsiyada AQSHning to‘qqizta harbiy bazasi tashkil etilgan. Ular kimga qarshi joylashtirilgan? Ular Rossiyaga qarshi ekanliklarini aytishadi. Lekin biz bunga ishonmaymiz”, degan Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘an, shuningdek, Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis avvaliga Anqara va Afina o‘rtasida uchinchi davlatlar ishtirokisiz muzokara olib borishni taklif qilganini, ikki haftadan so‘ng esa AQSH Kongressida nutq so‘zlaganini va u yerda Turkiyaga qarshi ritorika bilan nutq so‘zlaganini eslatgan.
May oyida Turkiya Prezidenti Gretsiya Bosh vaziri AQSHga tashrifi chog‘ida Anqaraga F-16 qiruvchi samolyotlarini sotmaslikka chaqirganidan so‘ng, uni “mavjud emas” deb bilishini aytdi.
NATOga a’zo Turkiya va Gretsiya Egey dengizidagi bahsli orollar maqomi, hududiy suvlar va havo hududi chegaralari tufayli bir necha bor harbiy mojaro yoqasiga kelib qolishgan. Gretsiya Bosh vaziri joriy yilning 25 may kuni Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida Turkiya aviatsiyasining o‘z mamlakati havo hududini buzishi masalasini Turkiya buni to‘xtatmaguncha ko‘tarishini aytdi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlud Chavusho‘g‘li ertasi kuni Gretsiyani Egey dengizidagi orollarni demilitarizatsiya qilish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini buzganlikda ayblab, javob choralari bilan tahdid qildi.
LiveBarchasi