Erdo‘g‘an ham rafiqasi bilan Toshkentga keldi
Jamiyat
−
08 noyabr 2023
9660Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an rafiqasi Emina Erdo‘g‘an hamrohligida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitida ishtirok etish uchun Toshkentga yetib keldi.
Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida Erdo‘g‘an va uning rafiqasini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Qisqa suhbatdan so‘ng, Oliy martabali mehmon o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga jo‘nab ketgan.
Ma’lumot uchun, 8-9 noyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida IHTning o‘n oltinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. Tadbirda Ozarbayjon, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiyaning davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etadi.
Kun tartibiga muvofiq, IHT doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy va gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish hamda ushbu ko‘p tomonlama tuzilma faoliyatini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Sammit dasturi doirasida O‘zbekiston yetakchisi qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.
Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga 1985 yilda asos solingan, uning doimiy faoliyat yurituvchi kotibiyati Tehron shahrida joylashgan. O‘zbekiston Respublikasi 1992 yildan boshlab IHT a’zosidir. Ushbu tashkilotning oxirgi sammiti 2021 yilning noyabr oyida Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan edi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov rafiqasi Oygul Japarova hamrohligida Toshkentga yetib kelgandi. Shu paytgacha Pokiston muvaqqat hukumati rahbari Anvar ul-Haq Kakar va Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Alixan Smailov ham IHT sammitida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan.
LiveBarchasi