Er-xotin haydovchi bilan yo‘l talashib, janjallashdi (video)

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida yo‘l talashish oqibatida yuzaga kelgan janjal aks etgan video tarqalib, shahar aholisi va mehmonlarining keskin e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea yo‘lning sement tashuvchi maxsus texnika tomonidan to‘sib qo‘yilgani ortidan kelib chiqqan. Yo‘ldan o‘tmoqchi bo‘lgan fuqaro texnika haydovchilaridan yo‘lni bo‘shatishni so‘ragan.

“Bu sement ko‘taradigan mashina o‘sha yo‘lni yopib qo‘ygan edi. O‘tib bo‘lmasdi. Keyin men bulardan iltimos qildim”, degan janjalda ishtirok etgan fuqaro.

Uning so‘zlariga ko‘ra, texnika haydovchilari undan biroz kutib turishni so‘ragan. Shundan so‘ng ular bilan fuqaroning turmush o‘rtog‘i o‘rtasida og‘zaki tortishuv yuzaga kelgan.

“Bular aytdi: “Aka, ikki daqiqa shoshmay turing”, dedi. Shu bilan ozgina ayolimga haqoratli gap-so‘zlar ham aytdi. Meni ham jahlim chiqib, bularga bitta shapaloq qo‘ydim. Jahl chiqqanda aql ketadi. Haqiqatan qizishib ketdim. Noto‘g‘ri bo‘ldi shu qilgan ishim”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Shuningdek, ayolga qo‘pol gapirgan erkak ham aybini tan olgan.

“Ayoli bilan janjal kelib chiqqanidan keyin, jahl ustida aql ketadi-ku, so‘kib qo‘ydim”, degan u.

Mazkur voqeani bir fuqaro chetdan turib videoga olgan. Texnika haydovchisi esa tasvirlarni o‘zining Instagram sahifasiga joylaganini, biroq video bunday shov-shuvga sabab bo‘lishini kutmaganini aytgan.

“Qiziqishga, shunchaki qo‘yib ko‘rdim, xolos, u videoni. O‘zimning Instagram’imga qo‘yildi. Shov-shuv qilgim kelmadi. Bunaqa bo‘lib ketishini bilganimda joylamasdim”, degan u.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (Piyodalar va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi) asosida tegishli hujjatlar Mirobod tumani sudiga taqdim etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda taksi haydovchisi va yo‘lovchi ayol o‘rtasidagi mojaro ortidan ikki bloger hamda ulardan birining opasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing