Epshteyn Lavrovga Tramp haqidagi “maxfiy ma’lumotlar”ni bermoqchi bo‘lgan – OAV

Olam

image

AQSHda voyaga yetmaganlarni  fohishalikka majbur qilganlikda ayblangan moliyachi va xedj-fond boshqaruvchisi Jeffri Epshteyn 2018 yil iyun oyida Yevropa Kengashi raisi Turbyorn Yaglandga yozgan xatida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuv tashkil etishni so‘ragan. “Politico” nashrining kecha, 12 noyabr kuni yozishicha, Epshteyn bu uchrashuvda Lavrov bilan AQSH Prezidenti Donald Tramp haqidagi ma’lumotlar bilan bo‘lishmoqchi bo‘lgan. Bu uchrashuv Rossiya va AQSH Prezidentlari Vladimir Putin va Donald Trampning Xelsinkidagi muzokaralaridan bir oy oldin bo‘lishi kerak edi.

Nashrning yozishicha, bu haqdagi ma’lumot AQSH Kongressidagi demokratlar tomonidan 12 noyabr kuni e’lon qilingan Epshteynning elektron xatlaridan aniqlangan. Yozuvlarda Yagland Lavrov yordamchisi bilan ertasi kuni uchrashishi va Epshteyn bilan muloqot masalasini muhokama qilishini bildirgan. Ammo bu uchrashuv amalga oshgan-oshmagani ma’lum emas.

Epshteyn o‘z xatlaridan birida o‘sha paytdagi Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vitaliy Churkin bilan ham Tramp haqida gaplashganini yozgan.

“Churkin ajoyib odam edi. Biz suhbatlashgandan keyin u Trampni tushundi. Bu qiyin emas. Uni bir marta ko‘rsang, hammasini anglaysan”, deb yozadi Epshteyn.

“Politico”ning ta’kidlashicha, bu elektron muloqot Epshteynning Donald Trampning ilk prezidentlik davrida qabul qilgan siyosiy qarorlari haqida turli xalqaro sheriklar bilan olib borgan ko‘plab yozishmalaridan faqat bittasidir.

Epshteyn o‘z yozishmalarida 2018 yil 16 iyulda Xelsinkida bo‘lib o‘tgan Putin-Tramp sammiti natijalarini ham muhokama qilgan. Bu sammit AQSHda “Trampning Putin oldidagi taslim bo‘lishi” deb baholangan edi.
“Ruslarda Tramp haqida qandaydir ma’lumot bormi? Bugungi kun hatto uning standartlari bo‘yicha ham dahshatli bo‘ldi”, deb yozgan sobiq moliya vaziri va Obama davridagi iqtisodiy maslahatchi Larri Sammers Epshteynga.

Epshteyn esa uning pochtasi shunday fikrlar bilan “to‘lib ketganini” yozib, Trampning sammitdagi xatti-harakatini oldindan kutilgan deb atagan:

“Menimcha, u barchasi juda yaxshi o‘tdi deb o‘ylagan. U raqibini “jodulab qo‘ydim” deb ishonadi... U ko‘p narsalardan xabarsiz”.

2025 yil 12 noyabr kuni demokrat-kongressmenlar Epshteynning yangi elektron xatlarini e’lon qildi. Ularda Donald Tramp Epshteynning voyaga yetmaganlar ishtirokidagi fohishalik bilan shug‘ullanganini bilgani haqida da’volar bor. Masalan, 2011 yilda Epshteyn o‘z hamkori Gileyn Maksvellga Tramp uning uyida bir necha soatni keyinchalik jabrlanuvchi sifatida aniqlangan qiz bilan o‘tkazganini yozgan. 2019 yildagi xatda esa u Tramp “albatta qizlar haqida biladi, chunki u Gileynga buni to‘xtatishni aytgan”, deb ta’kidlagan.

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt 12 noyabrdagi brifingda bu xabarlar “Tramp hech qanday noqonuniy ish qilmaganidan boshqa hech narsani isbotlamasligi”ni aytdi.

Tramp esa keyinchalik Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib, “demokratlar yana Epshteyn bo‘yicha tuhmatlarga qaytdi, chunki ular hukumatning ishi vaqtincha to‘xtashi (shatdaun) davrida o‘zlarining nojo‘ya faoliyatlaridan xalq e’tiborini chalg‘itmoqchi”, deya izoh berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Sergey Lavrov Jeffri Epshteyn

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing