Koronavirus xavfi: Turkiyadagi o‘zbekistonliklarga yordam berildi (video)

Olam

Pandemiya sharoitida O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi ushbu qardosh mamlakatda ta’lim olish yoki tadqiqot maqsadida kelgan o‘zbekistonlik yoshlarga ushbu mamlakatning tegishli tashkilot va insonparvarlik fondlari ko‘magida turli yordam aksiyalarini amalga oshirmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Turkiya tomonidan xorijiy talabalar uchun mas’ul YTB Turkiya stipendiyalari tuzilmasi, İHH insonparvarlik yordami jamg‘armasi, UDEF Xalqaro talabalar uyushmalari federatsiyasi yordam ko‘rsatyapti.

Xususan, “YTB” tashkiloti rahbari Abdulloh Eren elchixonaga yozgan maktubida o‘zbekistonlik yoshlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirib, shunday deydi:

“Turkiyaga kelib tahsil olayotgan xorijlik yoshlar qatorida O‘zbekiston talabalari ham bizning alohida e’tiborimizda. Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda talabalarimiz alohida o‘rin tutadi. Ishontirib aytamanki, qardosh O‘zbekistonning kelajak avlod vakillari salomatligi va baxtiyorligi uchun qo‘limizdan kelgan barcha choralarni ishga solamiz”.

Turkiyaning Kojaeli universitetida magistratura bosqichida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik Nazokat Sunnatullayeva YTB tashkiloti ko‘rsatgan ko‘makdan mamnun.

“Tuzilma epidemiya sharoitida bizni yolg‘iz tashlab qo‘ymadi. Ular tomonidan kundalik oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Shu kunga qadar ushbu tashkilot tizimida ta’lim olayotgan talabalar uchun beg‘araz asosda nonushta va kechki taom tashkil qilib kelinmoqda. Shuningdek, talabalar turar joy va yo‘l kira xarajatlarining ma’lum qismi tashkilot tomonidan qoplab berilmoqda. Ta’lim jarayoni to‘xtab qolgani yo‘q. Darslar onlayn tarzda davom etmoqda”.

Ta’kidlash joiz, Turkiyada YTB dasturi doirasidan tashqari o‘z hisobidan tahsil olayotgan vatandoshlar ham bor. Elchixona ularni qo‘llab-quvvatlashda Turkiyaning IHH Insonparvarlik yordami jamg‘armasi, uning mintaqalardagi bo‘linmalari bilan hamkorlik qilmoqda. Hozirgi kunga qadar Karaman, Karabuk, Kojaeli va Kastamonu viloyatlaridagi yuz nafardan ziyod o‘zbekistonlik talabaga zarur oziq-ovqat va gigiyenik vositalar bepul yetkazib berildi.

Bundan tashqari, Turkiyadagi vatandoshlarga ko‘mak berish maqsadida bankda maxsus hisob raqami ochilib, elchixona xodimlari, saxovatpesha yurtdoshlar hamda Turkiya tadbirkorlari yordamida ma’lum miqdorda mablag‘ to‘plandi. Ushbu mablag‘larni, birinchi navbatda, ehtiyojmand fuqarolarga yo‘naltirish maqsad qilingan. Turkiyada deyarli har bir mahallada mavjud BİM arzonlashtirilgan ijtimoiy savdo muassasalari tarmog‘i bosh direktori bilan olib borilgan muzokaralar natijasida ushbu tizim do‘konlari uchun mo‘ljallangan 50 hamda 100 liralik savdo talonlari imtiyozli shaklda sotib olindi. Bu talonlar yaqinlashib kelayotgan muqaddas Ramazon oyi mobaynida ehtiyojmand o‘zbekistonliklarga tarqatiladi.

Tarixda ham insoniyat turli sinovlarni boshidan o‘tkazgan. Ammo barcha kulfatlar hamjihatlikda oson yengib o‘tilgan. Bugungi sinovli kunlarda ham o‘zaro anglashuv, bir-birini qo‘llab-quvvatlash O‘zbekiston – Turkiya munosabatlarida yanada aniq namoyon bo‘lmoqda.

Ma’lumot uchun, Turkiyada 98 674 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Bu borada Turkiya dunyoda yettinchi o‘rinda boryapti. Bugungacha virus yuqtirganlarning 2376 nafari vafot etgan, 16477 nafari sog‘ayib ketgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Turkiya koronavirus

Baholaganlar

39

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing