Eng og‘ir kunlar keladi, hammamiz tayyor bo‘lishimiz kerak – Prezident
Jamiyat
−
26 mart 2020
34697Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 26 mart kuni koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurarshishni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Ushbu yig‘ilishda davlat rahbari xorijdan kelayotganlarga ko‘rsatilayotgan yordamga qaramay, ular karantin davrida ko‘chaga chiqib ketayotganini qayd etdi.
“Chetda yurganlarimiz ko‘p, lekin ko‘plari shu olib kelayotganimizning qadriga ham yetmayapti. Biz har kuni izlanishdamiz. Eng og‘ir kunlar keladi oldimizga. Mana shunga biz hammamiz tayyor bo‘lishimiz kerak. Tayyor bo‘lolsak, ertaga shundan o‘tib ketamiz. Oliyjanob xalqimiz bor. Ta’zim qilsak arziydi xalqimizga. Lekin salgina ichida bor odamlarni biz joy-joyiga qo‘yishimiz kerak. Bundan o‘tib ketamiz Xudo xohlasa. O‘tamiz. Lekin sabr-toqat, mehnat bilan o‘ta olamiz. Mehnat qilishimiz kerak. Aql bilan mehnat qilish kerak. Maska kiydik, ko‘chada yurdik bilan bo‘lmaydi. Odamlar uyda o‘tirsin. Chiqartirmanglar. Nimaga kelding, nimaga ketding degan so‘roqni qilsak, juda yengillik bilan o‘tib ketishimiz mumkin.
Kechqurun odamlar nimaga gavjum, nimaga uyida emas? Millatimizni saqlashimiz kerak. Bizning buyuk tariximiz, madaniyatimiz bor. Dunyo hamjamiyatining oldida o‘sha madaniyatimizni ko‘rsatishimiz kerak. Qanday og‘ir bo‘lmasin mana shunga e’tibor beringlar. Nuroniylarimizni asraylik, oqsoqollarimiz, onalarimizni avaylaylik. Ular duo-fotiha qilib uyda o‘tirsinlar. O‘zimizda yo‘q infeksiya, tashqaridan keldi bizga. Mana shu masalalarga alohida e’tibor beringlar. Befarq bo‘lmanglar, yuraklaringdan his qilib mana shunday og‘ir vaziyatda jipslashishimiz, birlashishimiz yaxshi muomalada bo‘lib, odamlarimizni ongli ravishda ishontirib mana shu balodan qutilib olishimiz kerak”, deydi davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda mamlakatda 65 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor