Energiya resurlaridan foydalanish qoidalarini buzish jinoyatlar qatoridan chiqariladi
Jamiyat
−
25 yanvar 2021
5016Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi joylashtirildi.
Loyiha O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 24 noyabrdagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6118-son Farmoni 13-bandi ikkinchi xatboshisi ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi.
Farmonga ko‘ra elektr va issiqlik energiyasi, gaz, ichimlik suvidan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq jinoyatlarni, agar huquqbuzarlik natijasida ancha miqdordan kam bo‘lgan zarar yetkazilgan bo‘lsa, dekriminalizatsiya qilish bo‘yicha qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish yuzasidan takliflar kiritish bo‘yicha topshiriq berilgan.
Ta’kidlanishicha, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish, elektr va gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan yoki qoidani buzgan holda ulanish uchun aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha sud-tergov amaliyotining tahlili shuni ko‘rsatdiki, mazkur toifadagi huquqbuzarliklar bo‘yicha qilmishning ijtimoiy xavfliligi va uning uchun belgilangan jazolar o‘rtasida nomutanosibliklar mavjud.
Natijada, mazkur toifadagi ma’muriy huquqbuzarliklar va jinoyatlar uchun o‘rnatilgan sanksiyalar huquqbuzarlikni oldini olish maqsadiga xizmat qilmayapti. Jumladan, ayrim hollarda qilmishning havflilik darajasi katta bo‘lmasada, qilmish jinoyat sifatida tasniflanayotgan bo‘lsa, boshqa holatlarda qilmishning ijtimoiy xavfi va yetkazilgan zarar miqdori katta bo‘lsada, u ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sifatida baholanmoqda.
Shu sababli, elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish huquqbuzarliklar uchun belgilangan jazolarning mutanosibligini ta’minlash hamda ushbu jazolarning, birinchi navbatda, huquqbuzarliklarning oldini olishga hizmat qilishini ta’minlash maqsadida quyidagilar taklif etilmoqda:
1) Jinoyat kodeksining 1852-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatni dekriminalizatsiya qilish;
2) jinoiy qilmishlar qasddan ancha miqdorda, ko‘p miqdorda va juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilishini nazarda tutganligini inobatga olib, JKning 1852-moddasining ikkinchi – to‘rtinchi qismlaridagi sanksiyalarni kuchaytirish. Bunda, ijtimoiy xavflilik darajasi mutanosibligi hamda qilmish mohiyatan tovar (mol-mulk) hisoblangan energoresurslarni o‘zlashtirishda ifodalanishini inobatga olib, ushbu jinoyatlar uchun sanksiyalar miqdorini belgilashda talon-toroj qilish va o‘g‘rilik jinoyatlari uchun belgilangan sanksiyalar miqdoridan kelib chiqish.
3) dekriminalizatsiya qilinayotgan jinoyat tarkibini Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘tkazish hamda ushbu huquqbuzarlik uchun ma’muriy jazo choralarini kuchaytirish;
4) MJtKning 163-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik uchun javobgarlikni kuchaytirishbirinchi qismi sanksiyasini kuchaytirish.
Energoresurslardan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq huquqbuzar-liklar uchun javobgarlikka tortish bo‘yicha halqaro amaliyot shuni ko‘rsatdiki, aksariyat davlatlarda bunday toifdagi huquqbuzarliklar jiddiy jinoyatlar sifatida baholanib, tegishli sanksiyalar nazarda tutilganligi aniqlandi.
Jumladan, Singapurda gaz hisoblagichiga tashqaridan ta’sir qilish 10 000 dollar miqdorida jarima va 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, agar bunda gazdan noqonuniy foydalanilsa 50 000 dollargacha jarima va 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Xuddi shu kabi elektrdan noqonuniy foydalanish 50 000 dollargacha jarima va 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga sabab bo‘ladi.
Germaniya va Angliyada ushbu toifadagi jinoyatlar uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Ayni paytda, Angliyaning 1961 yildagi O‘g‘rilik to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq, energoresurslardan foydalanishdagi barcha aralashuvlar va noqonuniy iste’mol o‘g‘irlik sifatida baholanadi hamda shunga muvofiq jazo tayinlanadi.
Turkiyada gaz va boshqa suyuq shakldagi energiya resurslarini ushbu resurslarni saqlash, qayta ishlash va realizatsiya qilish bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar tomonidan o‘g‘irlash 5 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashga asos bo‘ladi.
Taklif qilinayotgan o‘zgartirishlarning amaliyotda qo‘llanishi sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish va kamayishiga, ta’minotchi korxonalarga ushbu jinoyatlar natijasida yetkazilgan zararning to‘liq qoplanishiga sabab bo‘ladi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan qo‘shimcha mablag‘lar talab qilmaydi.
LiveBarchasi