Energetika vazirligi kelasi hafta kutilayotgan sovuq kunlardan qanday o‘tmoqchiligi aytildi
Jamiyat
−
05 yanvar 2023
15478O‘zbekistonda kelasi hafta kutilayotgan anomal sovuqda birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir mahsulotini barqaror yetkazib berish choralari ko‘riladi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, kecha, 4 yanvar kuni Energetika vaziri boshchiligida tizim korxonalari rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirokida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda kelgusi hafta respublika hududida havo haroratining anomal pasayishi davrida yoqilg‘i-yenergetika sohasidagi ishlarni to‘g‘ri va tizimli tashkil qilish, iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rish masalalari muhokama qilingan va qator vazifalar belgilab berilgan.
Jumladan, birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir mahsulotini barqaror yetkazib berish choralari ko‘rilishi ta’kidlangan. Buning uchun:
1. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga kiritilayotgan cheklovlar davom ettiriladi;
2. Yirik ishlab chiqarish korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi keskin kamaytiriladi;
3. Energotizimdagi yirik iste’molchilarning kunlik elektr energiyasi iste’moli kamaytiriladi va tejalgan 11-12 mln kVt-soat elektr energiyasi aholi iste’moliga yo‘naltiriladi;
4. Energotizimda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yirik avariyalarni oldini olish, barcha iste’molchilarni bir maromda elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda tasdiqlangan grafiklarga asosan qisqa muddatli cheklovlar kiritiladi;
5. Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalari va markazlarning barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida kuniga o‘rtacha 49 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib beriladi;
6. Bugungi kunda mazkur stansiyalar uchun 90 ming tonna mazut va 280 ming tonna ko‘mir yoqilg‘isi zaxirasi yaratildi;
7. Iste’molchilarga kunlik ko‘mir yetkazib berish hajmi 5000 tonnadan 8000 tonnaga oshiriladi.
Qayd etilishicha, sovuq kunlarda elektr energiyasiga bo‘lgan talab ortishi natijasida elektr tarmoqlari va transformator punktlarida ham yuklamalar keskin oshadi.
Bunda, dispetcherlar mahalliy hokimliklar va hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan tasdiqlangan cheklov grafiklariga qat’iy amal qilishlari, ya’ni belgilangan muddatdan ortiq cheklovlar kiritmasligi ta’kidlangan.
Ikki soatdan oshmagan vaqt oralig‘ida hududlar kesimida joriy etilayotgan cheklov grafiklari barcha viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida e’lon qilib borilishi ta’minlanishi va’da qilinmoqda.
Shuningdek, anomal sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish uchun elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tunu-kun ishlaydigan 1000 dan ortiq maxsus brigada tashkil etilgan.
LiveBarchasi