Endi zo‘ravonlikka uchraganlar bepul davolanadi
Jamiyat
−
10 dekabr 2021
3268Endi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlar va ularning bolalari bepul davolanadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan.
Qonun bilan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra:
• Fuqarolar yig‘iniga – xotin-qizlar va bolalarga nisbatan tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan yoxud bunday ishlarga moyil bo‘lgan shaxslarni aniqlashda, ushbu shaxslar bilan olib boriladigan profilaktika ishlarida ishtirok etish vakolati;
• Fuqarolar yig‘ini raisiga – tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan hamda bu haqda murojaat qilgan xotin-qizlarni himoya qilishga doir chora-tadbirlarni belgilash, mazkur faktlar to‘g‘risida tegishli ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga hamda ichki ishlar organlariga zudlik bilan xabar berish vakolati berildi.
Shuningdek, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra:
• Mehnat organlari tomonidan oilaviy muammolarga va zo‘rlik ishlatilishiga duch kelgan xotin-qizlar bandligini ta’minlash va kasbga yo‘naltirishga ko‘maklashish;
• Sog‘liqni saqlash organlari tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga va ularning bolalariga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, shuningdek tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarni bepul davolash choralari ko‘riladi.
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
LiveBarchasi