Endi zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan bolalarga himoya orderi beriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda bolalar zo‘ravonlikka uchraganda ularga himoya orderi berilishi rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha “Bolalarni zo‘ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Qonun loyihasiga muvofiq, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllariga quyidagilar kiradi:

  • jismoniy zo‘ravonlik;
  • jinsiy zo‘ravonlik;
  • ruhiy zo‘ravonlik;
  • ekspluatatsiya;
  • bulling;
  • g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik.

Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning umumiy chora-tadbirlari quyidagilardan iborat:

  • himoya orderini berish;
  • huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam ko‘rsatish;
  • zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi bolalar oilalarini mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash;
  • bolani ota-onadan (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslardan) yoki ularning biridan, o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxslardan olish;
  • zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturlaridan o‘tish;
  • jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning huquqlarini cheklash.

Himoya orderi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning hududiy organlari (vakolatli organ) tomonidan beriladi.

Vakolatli organ sodir etilgan zo‘ravonlik holati yuzasidan  murojaat yoki ma’lumotlar kelib tushgan paytdan boshlab 24 soat ichida himoya orderini beradi yoki himoya orderini berishni rad etadi. Berilgan himoya orderini topshirish ichki ishlar organlariga yuklatiladi.

Himoya orderining amal qilish muddati – 30 kun.

Himoya orderini topshirgan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi zo‘ravonlik sodir etgan shaxsni himoya orderining shartlari hamda uni bajarmaslik oqibatlari to‘g‘risida xabardor qiladi.

Himoya orderida quyidagi cheklovlar nazarda tutilishi mumkin:

  • zo‘ravonlik sodir etishni taqiqlash;
  • zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar bilan aloqasini (shuningdek, bir xonada yoki transport vositasida birga bo‘lishini) taqiqlash;
  • zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga qurolni xarid qilish va olib yurishni taqiqlash.

Loyiha o‘zgartirilishi, to‘ldirilishi yoki rad etilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq endi  O‘zbekistonda pedofillarning reyestri yuritilishi haqida xabar bergan edik. Bundan tashqari, joriy yilning 10 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan milliy davra suhbatida Shahnoza Mirziyoyeva bolalarga nisbatan sodir etiladigan jinsiy zo‘ravonlik holatlari haqida nutq so‘zlagandi. 


Maqola muallifi

Teglar

bolalar zo'ravonlik himoya orderi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing