Endi jinsiy zo‘ravonlik ishlari ayol tergovchilarga beriladi. Qozog‘istonda!

Olam

image

Endi Qozog‘istonda jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyat ishlarini tergov qilish jarayoni ayol tergovchilarga topshiriladi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu chora jabrlanuvchilarning qo‘shimcha ruhiy bosim va travmalarga duch kelishini kamaytirish hamda huquq-tartibot organlariga bo‘lgan ishonchni oshirishga qaratilgan. Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi nikohga majburlash jinoyati bo‘yicha yangi norma haqida ham izoh bergan. Vazirlik vakili Sanjar Odilovning aytishicha, bunday ishlar bo‘yicha jabrlanuvchi sifatida ham ayol, ham erkak chiqishi mumkin. Biroq nikoh tuzishni talab qilishning o‘zi, jumladan, ayol homilador bo‘lgan holatda ham jinoyat tarkibini tashkil etmaydi.

“Agar oddiy holatni oladigan bo‘lsak, ayol bir kishiga uylanishni talab qilsa, buning o‘zi yetarli emas. Jinoyat bo‘lishi uchun tahdid yoki zo‘ravonlik ham bo‘lishi kerak – bu holatda u tomonidan yoki uning yaqinlari tomonidan bo‘lishi mumkin. Aks holda, bu masala jinoyat emas, balki fuqarolik munosabatlari hisoblanadi”, deydi u.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, hozircha Qozog‘istonda nikohga majburlash bo‘yicha ayol shaxs gumonlanuvchi sifatida qayd etilgan jinoyat ishlari yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil sentyabrdan boshlab Qozog‘istonda nikohga majburlash rasman jinoyat sifatida tan olinmoqda. Shuningdek, mamlakatda ta’qib qilish ham jinoyat sifatida belgilangan bo‘lib, joriy yilda bu bo‘yicha 83 ta ish sudga yuborilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing