Endi YTH sodir qilgan haydovchilar ma’muriy javobgarlikka tortilmasligi mumkin

Jamiyat

image

Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda joriy yilning 27 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 609-sonli qarorida belgilandi.

Endilikda qonunchilikka ko‘ra, yo‘l-transport hodisalari bo‘yicha haydovchilar IIB xodimlari ishtirokisiz hodisa to‘g‘risidagi xabarnomani tuzish orqali sug‘urta tovonini olishlari mumkin bo‘ladi.

Shunga muvofiq, 2021 yil 1 noyabrgacha sug‘urta tashkilotlarining veb-saytlarida xabarnoma blankasi namunasi joylashtiriladi va uni yuklab olish imkoni yaratiladi.

Xabarnoma ikki nusxada quyidagi asoslar bir vaqtning o‘zida mavjud bo‘lganida tuziladi:

•    jabrlanuvchiga yengil jarohat yetmaganida yoki mol-mulk shikastlanmaganida;
•    ishtirokchilardan biri o‘z aybiga iqror bo‘lmaganida;
•    hodisa piyoda ishtirokisiz sodir etilganida;
•    hodisa faqat 2 ta transport ishtirokida bo‘lganida;
•    ishtirokchilarning fuqarolik javobgarligi sug‘urta qilingan bo‘lsa;
•    haydovchilik guvohnomasi, ro‘yxatdan o‘tkazganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, ishonchnoma, yo‘l varaqasi mavjudligi;
•    haydovchilar mast bo‘lmasa;
•    transportlarning shikastlanishi nizoni keltirib chiqarmasa.

Ma’lumot uchun, yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnoma – sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi haqida sug‘urtalovchiga xabar berish uchun hodisa sodir etilgan joyda unda ishtirok etgan haydovchilar tomonidan ixtiyoriy ravishda to‘ldiriladigan, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi vujudga kelganligi faktini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.

Ma’lumot uchun mazkur qaror 2021 yil 25 noyabrdan kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 avgust kuni “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritilgandi. O‘zgartirishga muvofiq, yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnomani tuzish uchun asoslar belgilangan edi.

Bunda haydovchilar yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risida xabarnoma rasmiylashtirgan taqdirda ma’muriy javobgarlikka tortilmasligi belgilangandi.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 133-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelgan hollarda yo‘l-transport hodisasida ishtirok etgan haydovchilar tomonidan yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risida xabarnoma tuzilgan taqdirda haydovchi javobgarlikka tortilmasligi belgilandi.

Transport vositalari egalarining o‘z fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish majburiyati “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasida keltirilgan bo‘lib, unga ko‘ra transport vositalari egalari transport vositalaridan foydalanishda boshqa shaxslarning hayoti, sog‘ligi va (yoki) mol-mulkiga zarar yetkazganlik uchun o‘z fuqarolik javobgarligini ushbu Qonunda belgilangan tartibda va shartlarda sug‘urtalashlari shart, deb belgilangan.

Shuningdek, fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish majburiyati quyidagi transport vositalarining egalariga nisbatan tatbiq etilmaydi:

•    eng katta konstruktiv tezligi soatiga yigirma kilometrdan oshmaydigan transport vositalari;
•    tirkamalar va ikki, uch g‘ildirakli yoki ish hajmi ellik kub santimetrgacha bo‘lgan dvigatel yoki inson yoxud hayvon kuchi bilan harakatga keltiriladigan boshqa transport vositalari;
•    O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining transport vositalari, bundan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining xo‘jalik faoliyatini ta’minlash uchun foydalaniladigan avtobuslar, yengil avtomobillar, boshqa transport vositalari mustasno;
•    chet davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan transport vositalari, agar ular egalarining fuqarolik javobgarligi O‘zbekiston Respublikasi hududida amal qiladigan xalqaro majburiy sug‘urta tizimlari doirasida sug‘urtalangan bo‘lsa.

 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

76

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing