Endi yoshlar ijtimoiy ahvoliga qarab 3 toifaga ajratiladi
Jamiyat
−
11 aprel 2023
11197Endi O‘zbekistonda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi. 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishlari o‘rganilib, ular 3 toifaga ajratildi. Endilikda ular bilan manzilli, aniq mezonlar asosida ishlanadi. Bu haqda bugun, 11 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yoshlar quyidagi jihatlarga ko‘ra 3 toifaga:
• yaxshi o‘qiyotgan, tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan, rasmiy sektorda ishlaydigan, qobiliyati bor, ijtimoiy faol bo‘lgan 4,4 million yoshlar “yaxshi” toifaga;
• turmush taqozosi bilan rasmiy sektordan ish topa olmagan, lekin iqtisodiy faol 4,6 million yosh “o‘rta” toifaga;
• davlatning g‘amxo‘rligi va e’tiborini kutayotgan hamda ko‘makka muhtoj 396 ming nafar yoshlar “ahvoli og‘ir” toifaga alohida ajratib olindi.
Yig‘ilishda davlat rahbari uchinchi toifaga batafsil to‘xtaldi. 116 ming nafar yoshlarning nogironligi bo‘lsa, 30 mingtasida surunkali kasalliklar borligi, 32 ming nafar yoshlar profilaktika, 16 ming nafari probatsiya nazoratida, 9 ming nafari muntazam dars qoldirishini ma’lum qildi.
Har bir vazir, vazir o‘rinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, oliygoh rektorlari, Milliy gvardiya va harbiy qism komandirlariga uchinchi toifadagi 50 nafardan e’tiborga muhtoj yoshlar nomma-nom biriktirilishi belgilandi.
Vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar asosiy e’tiborini “o‘rta” toifaga kirgan 4,6 million yoshlar bilan ishlashga qaratishi lozimligi ta’kidlandi.