“Endi va’dalarga ishonmaymiz”. Aliyev Pashinyanning Qorabog‘ni qaytarishi va uzr so‘rashini talab qilyapti
Olam
−
05 Oktabr 2020
10365Ozarbayjon Respublikasi Tog‘li Qorabog‘ mojaroli zonasida o‘t ochishni to‘xtatish borasida xalqaro hamjamiyat va davlatlar, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Minsk uchligining bayonotlarini qabul qiladimi? Mamlakat Prezidenti Ilhom Aliyev Turkiyaning “TRT Haber” telekanaliga bergan intervyusida endi bu chaqiriqlarning ahamiyati qolmaganini aytib, o‘z shartlarini ma’lum qildi.
“O‘t ochishni to‘xtatish haqidagi chaqiriqlar muayyan shartlar bilan to‘ldirilishi kerak. Bugungacha bizga bu borada aytib kelingan chaqiriqlar, faqat o‘t ochishni to‘xtatish emas, balki to‘qnashuvlarni bostirish, muzokaralarni davom ettirish haqida bo‘lgan. Lekin qaysi muzokarani, nima asosida davom ettirish haqida birov miq etmagan. Mana, 30 yilga yaqin vaqtdan buyon biz bu muzokaralarda umidlar bilan ishtirok etib kelyapmiz. Agar umidimiz bo‘lmaganda, muzokaralarda qatnashmas edik. Va har safar prinsipimiz bo‘lgan. Bu prinsip Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini saqlash edi. Bosib olingan hududlarning qadamba-qadam ozod etilishi, bizga qaytirilishi va undan keyin tinchlik o‘rnatilishi asosiy mavzu edi. Bugun esa Armaniston avval boshdan kelishilgan prinsiplarni buzib, bizga qarshi yangi hujumni amalga oshirdi. Tabiiyki, biz ularga qarshi hujumga kirishdik. Va o‘z tuproqlarimizni Ozarbayjon askarlarining kuchi bilan ozod qildik. Shu bois, faqat o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiriq haqida gap bo‘lishi ham mumkin emas”, deydi Prezident Ilhom Aliyev.
Bundan avval Pashinyan ham Tog‘li Qorabog‘da tinchlik o‘rnatilishi borasida o‘z shartini e’lon qilgandi. Ammo u bayonotida Qorabog‘ning Ozarbayjonga qaytarilishi haqida so‘z ochmagan. Aksincha, turk askarlarining Kavkaz hududidan chiqib ketishi talab qilgan. Agar Turkiya askarlarini olib chiqib ketsa, Qorabog‘ Ozarbayjonga qaytariladimi yo yo‘q, bu mavhumligicha qolmoqda.
Ilhom Aliyev turk telekanaliga bergan intervyusida yana bir bor talablarini esladi. Uning qayd etishicha, endi Ozarbayjon xalqi hech bir davlatning va hech bir xalqaro tashkilot yoki vositachilarning quruq va’dalariga ishonmaydi.
“Bizning talablarimiz bor va men bu haqda rasmiy bayonot berganman. Bizga jiddiy kafolatlar kerak. Xalqaro vositachilar bu kafolatlarni tasdiqlashlari va ayni vaqtda Armanistonning bosib olingan hududlarni tark etishi bo‘yicha jadval – qachon qaysi hududdan chiqib ketishi haqida ma’lumot berilishi kerak. Biz istaymizki, ushbu muammo tinch yo‘l bilan hal etilsin. O‘rtadagi vositachilar, masalaning hal bo‘lishini emas, faqat o‘t ochishni to‘xtatishni so‘rashyapti. O‘t ochishni to‘xtatish bizda 1994 yildan buyon amalda. O‘tgan yillar davomida nega bu masala hal qilinmadi? Nega BMTning qarorlari ijro etilmadi? Nega tajovuzkor davlatga sanksiyalar qo‘llanilmadi? Ushbu barcha savollar havoda muallaq qolmoqda. Ularga javob yo‘q. Bugun esa Ozarbayjonning shonli armiyasi bu tuproqlarni qaytarish ustida harakat olib borayotgan bir vaqtda, tashqaridan to‘xtang, kuting degan chaqiriqlar kelyapti. Urushning o‘z qurollari va qonunlari bor. Har bir kunning ahamiyati bor. Biz hujumlarni to‘xtatib tursak, qarshimizdagilar harakatni boshlaydi, odam to‘playdi. Ko‘ryapmizki, Armaniston mamlakat tashqarisida yashayotgan armanlarni ham bu urushga jalb etmoqda. Shu orqali ular bu urushni hududiylikdan chiqarib, global urushga aylantirishni istayaptilar. Shu bois bizning o‘t o‘chishni to‘xtatishga nisbatan javobiz bitta: biz bunga tayyormiz, ammo muayyan shartlar bajarilgandan keyin”, deydi Aliyev.
Ozarbayjon Prezidentining qayd etishicha, Armaniston Bosh vaziri Qorabog‘ tuproqlarini Ozarbayjonga o‘z xohish-irodasi bilan qaytarishi, Ozarbayjon davlati va xalqidan uzr so‘rashi kerak. Shuningdek, Qorabog‘ Ozarbayjonniki ekanini tan olishi va uning hududiy yaxlitligiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi shart. Va eng so‘nggisi – Pashinyan Armaniston Qurolli Kuchlari qachon qaysi hududdan chiqib ketishi bo‘yicha bayonot berishi lozim.
“30 yildan beri kutyapmiz. 30 yildirki, bizga berilgan va’dalar, aytilgan so‘zlar hayotda o‘z ifodasini topgani yo‘q. Ozarbayjon davlati va xalqi ortiq sabr qila olmaydi. Bizga konkret vaqt aytilishi kerak: ular qachon qaysi hududdan chiqib ketadi. Bordiyu ular bizga so‘z bersa va yana so‘zining ustidan chiqmasa, u holda biz ham o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi qoidalarga rioya qilmaymiz”, deydi Ilhom Aliyev.