Endi o‘zbekistonliklarning haydovchilik guvohnomalari BAAda ham o‘tadi
Jamiyat
−
03 dekabr 2023
8563Endilikda O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolarining haydovchilik guvohnomalar ikki mamlakatda o‘zaro tan olinadi. Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov va BAA Bosh vaziri o‘rinbosari — Ichki ishlar vaziri general-leytenant Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon ushbu qoidani nazarda tutuvchi hujjatni imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston IIV xabar berdi.
Gap shundaki, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi delegatsiya Birlashgan Arab Amirliklari Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga doir masalalarni muhokama qilish, Amirliklar tomonidan so‘nggi yillarda jamoat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar bilan tanishish maqsadida mazkur mamlakatga tashrif buyurgan.
Abu-Dabi shahrida BAA Bosh vaziri o‘rinbosari — Ichki ishlar vaziri general-leytenant Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar o‘zaro amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari, xususan, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, ekstremizm, odam savdosi va kiberjinoyatlarga qarshi birgalikda kurashish, mazkur yo‘nalishlarda xodimlarning malakasini oshirish va o‘zaro tajriba almashishni muhokama qildilar hamda istiqboldagi rejalarni belgilab olgan.
Tashrif doirasida “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati o‘rtasida haydovchilik guvohnomalarini o‘zaro tan olish va almashish to‘g‘risida”gi Anglashuv memorandumi ikki davlat Ichki ishlar vazirlari tomonidan imzolangan.
Mazkur Anglashuv memorandumining kuchga kirishi bilan har ikki davlat fuqarolari o‘zlarining milliy haydovchilik guvohnomalari bilan ikkinchi tomon davlatining hududiga tashrif buyurgan davrda (uzoq muddatga yashash uchun kelganlar bundan mustasno) transport vositalarini boshqarish huquqiga ega bo‘ladilar.
Shuningdek, BAA rezidenti bo‘lgan (uzoq muddat yashash huquqini olganlar) milliy haydovchilik guvohnomasiga ega O‘zbekiston fuqarolari esa Amirliklar haydovchilik guvohnomasini olish vaqtida tegishli nazariy va amaliy sinovlarni topshirishdan ozod qilinishi ko‘zda tutilgan.
Hujjat 2024 yilning 27 yanvar kunidan kuchga kirishi belgilangan.
LiveBarchasi