Endi Toshkentdagi bog‘chada bolaning ustiga qaynoq suv to‘kildi (video)
3-sahifa
−
16 may 9274 3 daqiqa
QALAMPIR.UZ tahririyatiga Toshkent viloyati, Olmaliq shahridagi 6-maktabgacha ta’lim muassasasida 2025 yil 5 mart kuni soat 12:00 atrofida sodir bo‘lgan holat yuzasidan murojaat kelib tushdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bog‘cha hududida bola xavfsizligi ta’minlanmagani va mas’ullar beparvoligi oqibatida 3 yoshli bolaning bel qismiga qaynoq suv to‘kilgan. Bolaning terisida 3-darajali kuyish holati aniqlangan.
Bolaning onasi tomonidan QALAMPIR.UZ’ga bildirilgan murojaatga ko‘ra, hozirga qadar bog‘cha ma’muriyati yoki shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan hech qanday chora ko‘rilmagan. Onaning aytishicha, u bolalar xavfsizligini ta’minlash masalasida bog‘cha mudirasiga murojaat qilganida, mudira bu boradagi xavfsizlikka e’tibor bermay, “o‘zim ham bolaligimda kuyganman”, deya javob bergan.
Shuningdek, onaning ta’kidlashicha, bog‘chada bolalar muntazam ravishda majburiy mehnatga jalb etiladi: ularga hojatxona qutilarini to‘kish topshiriladi, og‘ir chelakni ko‘tara olmay to‘kib yuborsalar, ustilaridan kulishadi va bolalar axlatni qo‘llarida tashishga majbur bo‘ladi (suratdagi tasvirlar).

“Mening o‘g‘lim kuyganidan so‘ng unga nevroz tashxisi qo‘yildi. U kuchli stressga uchradi, bel qismida chandiq izlari qolgan. Umumiy basseynlarga uni kiritishmayapti, bunga doimiy tibbiy ma’lumotnoma talab qilinmoqda. Bolamni shu holga solgan 6-MTT bo‘lsa, tegishli tashkilotlar qachon chora ko‘radi?” deydi ona.
Uning aytishicha, hodisaga IIB tomonidan ham sust yondashilgan. Bola o‘ynab yurgan paytda kuyib qolgan, deb holatga yengil baho berilgan.
Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili — Bolalar ombudsmani bilan bog‘landi.
Vazirlik matbuot kotibi Dilfuza Sobirova bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 5 mart kuni soat 12:00 atrofida bolalar qarovsiz qolgani sababli bir nafar bolaning ustiga qaynoq suv to‘kilgan. Oqibatda bolaning bel sohasida 3-darajali kuyish qayd etilgan. Bola zudlik bilan tez tibbiy yordamga olib borilib, kerakli tibbiy muolajalar ko‘rsatilgan.
Shifoxona xodimlari hodisani aniqlab, 102 raqamiga murojaat qilgan. IIB tomonidan holat o‘rganilganida, bolaning onasi hech kimga da’vosi yo‘qligini bildirgan. Shu sababli tomonlar kelishuvi asosida ish yopilgan.
Biroq ona muassasada bolalarga nisbatan yomon munosabat va boshqa salbiy holatlar davom etayotganini aytib, ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilgan.
Rasmiy munosabatda aytilishicha, hozirda ushbu noxush holat Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan nazoratga olingan. Ishchi guruh tuzilib, vaziyat to‘liq o‘rganilgan. Barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan. Natijalar haqida alohida ma’lumot berilishi bildirilgan.
Shuningdek, holat Bolalar ombudsmani nazoratiga ham olingan. Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili Surayyo Rahmonova onaning murojaatidagi holat ayni paytda mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 aprel kuni Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumanidagi 4-maktabgacha ta’lim muassasasida 6 yoshli bolaning ustiga tarbiyachi qaynoq suv to‘kib yuborgan edi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr