Endi talabalarning ishlashiga sharoit yaratiladi. Bunga rektor va hokimlar mas’ul bo‘ladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda ishlamoqchi bo‘lgan talabalar 100 ming nafarga yaqin va endi ularga sharoit yaratish, ishli qilishga shaxsan rektor va hokimlarning o‘zi mas’ul bo‘ladi. Bu haqda bugun, 4 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan oliy ta’lim muassasalari talabalari bandligini ta’minlash orqali ularning turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.

Yig‘ilishning asosiy mavzusi – OTMlar talabalari ishlab, daromad topishlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda mamlakat oliygohlarida 510 ming nafar talaba kunduzgi shaklda o‘qimoqda (jami 820 ming nafar).

Davlat rahbarining topshirig‘iga muvofiq rektorlar, talabalar o‘rtasida suhbat va so‘rovnomalar o‘tkazilgan. Talabalarning 100 ming nafarga yaqini ishlash va qo‘shimcha daromad topish niyati borligini bildirgan. Ayniqsa, ular orasida 7,5 ming chin yetim yoki nogironligi bo‘lgan hamda 4,5 ming nafar “daftarlar”ga kiritilgan talabalar bor.

"Bu raqamlar haqiqatda ancha yuqori. Shuning uchun rektorlar har bir talaba bilan o‘zlari muloqot qilib, haqiqiy holatni bilish va ularni band qilishga shaxsan mas’ul", deydi Mirziyoyev.

Shu bilan birga, hozirgi kunda talabalar ishlashi mumkin bo‘lgan 105 mingta vakant ish o‘rinlari mavjud.

“Qaysi hokim yoki rektor bo‘sh ish o‘rinlarini tahlil qilib, talabalarni joylashtirish bo‘yicha ishlagan? Hozircha, bu savolga ijobiy javob yo‘q.

Hokim va rektorlar, bir narsani bilinglar – ishlashga ehtiyoji bor talabalarga yordam berib, ularning bandligini ta’minlash shart", dedi Prezident yig‘ilishda.

Bu ishlarni tizimli tashkil etish uchun Bosh vazir boshchiligida respublika komissiyasi tuzilishi belgilandi. Hokimlar ham rektorlar bilan birga hududlarda shunday komissiyalar tashkil etadi.

Komissiya:

•    viloyat hokimlari va rektorlar bilan birga har bir oliygoh kesimida “talabalar balansi”ni aniqlab oladi;

•    vakant o‘rinlarini tahlil qilib, har bir viloyat bo‘yicha 1, 2 va 3-kurs talabalarining kamida 30-40 foizini ishga joylash choralarini ko‘radi;

•    bitiruvchi kurslar talabalarini esa hokim, rektor va korxonalar bilan birgalikda kelgusidagi ish joyini belgilab oladi va ularni haq to‘lanadigan 3-4 oylik stajirovkaga yuboradi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

290

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing