Endi tadbirkorlik uchun berilgan yerlar xususiylashtirilishi mumkin
Jamiyat
−
16 noyabr 2021
6638Endi yuridik shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik uchun berilgan yerlar xususiylashtirilishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan.
Qonunga ko‘ra, quyidagi yerlar xususiylashtirilishi mumkin:
• yuridik shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik uchun berilgan yerlar;
• fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish, tadbirkorlik va shaharsozlik uchun berilgan yerlar (ilgari YATTlarning xususiylashtirilishi nazarda tutilmagan);
• xususiylashtiriladigan davlat ob’ektlari joylashgan yerlar (ilgari bu ruxsat berilmagan);
• bo‘sh turgan yerlar.
Yer uchastkalari umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yerni sotib olish yoki yerni elektron onlayn-auksion orqali sotib olish orqali xususiylashtiriladi.
Qayd etilishicha, xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘lar Davlat byudjetiga yo‘naltiriladi (ilgari Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirilgan).
Ariza DXM yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali beriladi. Ariza ko‘rib chiqilib xabarnoma shaklda ijobiy yoki salbiy qaror qabul qilinadi. Salbiy qaror asoslantirilgan shaklda bo‘lishi shart.
Quyidagilar xususiylashtirishni rad etish uchun asos hisoblanadi:
• xususiylashtirish uchun asos mavjud emasligi;
• yerga nisbatan tugallanmagan sud ishlarining mavjudligi;
• yerda joylashgan ko‘chmas mulkka qo‘yilgan taqiqning yoki xatlovning mavjudligi;
• aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalarida, aholi punkti loyihalarida xususiylashtirishga monelik qiladigan ma’lumotlarning mavjudligi;
• davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish to‘g‘risida qaror mavjudligi;
• xususiylashtiriladigan yer uchastkasini sotishga yoki boshqacha tarzda o‘zga shaxsga o‘tkazishga nisbatan taqiqning mavjudligi;
• arizada noto‘g‘ri, bir-biriga zid bo‘lgan yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar aniqlanganligi;
• xususiylashtiriladigan yer puli to‘lanmaganligi.
Xususiylashtirishni boshqa sabablarga ko‘ra rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, bo‘sh turgan yer uchastkalari elektron onlayn-auksion orqali xususiylashtiriladi. Yerga bo‘lgan mulk huquqi uchun davlat orderi yer uchun to‘lov qilinganidan so‘ng 1 ish kunida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan beriladi.
Quyidagi holatlarda xususiylashtirilgan yerni mulkdordan olib qo‘yish mumkin:
• yerga ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv qaratilganda;
• yer davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun sotib olinganda (egasining yozma roziligi bilan);
• yer musodara qilinganda;
• yer rekvizitsiya qilinganda (epidemiya, tabiiy ofat vaqtida).
Xususiylashtirilgan yerni natsionalizatsiya (haq evaziga davlat ixtiyoriga o‘tkazish) qilish Qonundan chiqarib tashlandi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
LiveBarchasi