Endi Sog‘liqni saqlash vaziriga korrupsiya holatida shaxsan qo‘ng‘iroq qilish mumkin bo‘ladi
Jamiyat
−
04 yanvar 2023
13155Bugun, 4 yanvar kuni Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov yangi lavozimga o‘taganidan so‘ng birinchi marotaba vazirlikdagi hay’at yig‘ilishini o‘tkazdi. U yig‘ilishda bir necha muhim masalalarga to‘xtaldi, jumladan, sohadagi korrupsiyani yo‘q qilishga alohida urg‘u berdi. Shuningdek, u fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish maqsadida ishonch telefon sifatida o‘zining shaxsiy raqamini qoldirishini ta’kidladi.
“Ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan korrupsiya urchigan bir qator yo‘nalishlar borki, birinchi navbatda ularga barham berishimiz kerak. Xususan, ishga joylashtirish, ayniqsa hamshiralarni, roddomlardagi “suyunchi puli”, “kesarcha kesish” uchun belgilangan stavkalar, order berishdagi tanish-bilishchilik kabi illatlar mavjudligini hamma biladi. Afsuski, shu ishlarni amalga oshirayotgan ayrim nopok shaxslar tufayli butun tizim sha’niga dog‘ tushmoqda. Yangi yilni tizimda “Korrupsiyaga qarshi kurash yili” deb e’lon qilamiz. Vazirlikning maxsus “Ishonch telefoni” tashkil etiladi. Shu bilan birga ishonch telefoni sifatida o‘zimning shaxsiy raqamimni ham kiritaman”, deya aytgan Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov.
Shuningdek, yig‘ilishda malaka toifasini berishda, inson omili aralashmaydigan, shaffof, 3 bosqichli yangi tizim joriy etilishi aytib o‘tilgan.
“Ta’lim yo‘nalishidagi byurokratik to‘siqlarga barham beriladi. Metodik qo‘llanmalar, monografiyalar, uslubiy qo‘llanmalar, ilmiy ishlarga xulosalar berishni vazirlik tomonidan tasdiqlash tizimi bekor qilinib, barcha vakolatlar endilikda OTMlar va ixtisoslashtirilgan markazlar tomonidan amalga oshiriladi. Bundan tashqari, 2023 yil 1 apreldan boshlab, malaka toifasi olish bo‘yicha taqdim etiladigan hujjatlar Davlat xizmatlari markazlari orqali faqat elektron shaklda qabul qilish tartibi joriy etiladi. Malaka toifa sertifikatlari QR-kod qo‘yilgan holda elektron shaklda rasmiylashtiriladi. Keyingi yildan boshlab farmatsevtika va tibbiyot xodimlari faoliyatini bosqichma-bosqich litsenziyalashga o‘tamiz”, deya qo‘shimcha qilgan Amrillo Inoyatov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan 2022 yilning 30 dekabr kuni Amrillo Shodiyevich Inoyatov O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tasdiqlangani haqida xabar berilgan edi.
Ozoda Choriyeva
LiveBarchasi