Endi shaxmatda ham VAR tizimi joriy etiladi
Sport
−
05 iyul 2023
2569Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) yaqin orada hakamlarga video yordam (VAR) tizimini joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda FIDE Matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, allaqachon futbol, voleybol, tennisda o‘z samaradorligini isbotlagan mazkur tizim endilikda shaxmatda ham sinab ko‘riladi. idChess texnologiyasi dastlab shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi G‘arbiy Osiyo chempionati (Western Asia Youth Chess – 2023) doirasida amalda qo‘llaniladi.
“Shaxmatchilarning xotirjamlik bilan o‘ynashiga aldanmang”, deyiladi federatsiya xabarida.
Ma’lum qilinishicha, shaxmatda VAR'dan foydalanish uch bosqichda amalga oshiriladi:
- raqibning qoidabuzarligini qayd etish uchun o‘yinchilardan birining hakamga murojaati;
- VAR ko‘rib chiqish va tavsiyalar berish (agar idChess platformasi yordamida translyatsiya mavjud bo‘lsa, hakam mobil ilovada o‘yin translyatsiyasini to‘xtatib turishi va o‘yinchilarning xatti-harakatlarini ko‘rsatadigan VAR yordamida o‘yin videosini tomosha qilishi mumkin);
- qaror qabul qilish.
Shuningdek, mazkur tizimni shaxmatda ham joriy qilish orqali bahsli nuqtalar sonini minimal darajaga tushirish maqsad qilingani, bu usul futboldagi ko‘plab janjalli vaziyatlarning oldini olgani ta’kidlangan.