Endi semiz odamlarga AQSH vizasi berilmaydi  

Olam

image

Vashington xorijliklarga viza berish rad etilishi mumkin bo‘lgan sabablar ro‘yxatiga saraton, semizlik, yurak kasalliklari va diabetni kiritdi. Bu haqda “The Washington Post” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Davlat departamenti 2025 yil 6 noyabr kuni butun dunyo bo‘ylab AQSH diplomatik vakolatxonalariga ko‘rsatma yuborgan. Rahbariyat viza xizmatlariga ariza beruvchilarni bir necha yangi sabablarga ko‘ra, jumladan, yoshi yoki davlat nafaqalariga umid qilishi mumkinligi ehtimoli tufayli AQSHga kirish huquqiga ega emas deb hisoblashni buyurgan.

“Siz ariza beruvchining sog‘lig‘ini hisobga olishingiz kerak. Ba’zi tibbiy holatlar, jumladan, yurak-qon tomir kasalliklari, nafas olish yo‘llari kasalliklari, saraton, qandli diabet, metabolik kasalliklar, nevrologik kasalliklar va ruhiy kasalliklar yuz minglab dollarlik davolanishni talab qilishi mumkin”, deyiladi hujjatda.

Davlat departamenti viza berishda semizlikni ham hisobga olishni tavsiya qiladi, chunki u astma, uyqu paytida apnoe (nafas olishning to‘xtashi), yuqori qon bosimi va klinik depressiyani yuzaga keltirishi mumkin.

Davlat departamentining ushbu murojaati haqida birinchilardan bo‘lib “KFF Health News” nashri xabar berdi. Uning yozishicha, sog‘lig‘i yoki yoshi bilan bog‘liq muammolar tufayli arizachilar “jamiyat uchun to‘siq” bo‘lishi, bu AQSH resurslarining kamayishiga olib kelishi mumkin. KFF nashriga ko‘ra, sog‘liqni umumiy baholash shundoq ham Amerika vizasiga ariza berish jarayonining bir qismi bo‘lib, sil kabi yuqumli kasalliklar skriningi va emlash ma’lumotlarini o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, qo‘llanmada vizalarni berishda ariza beruvchining AQSHda bo‘lishi kutilayotgan davrda davolanish uchun mablag‘lari bor-yo‘qligini tekshirish kerakligi, davlatdan pul yordami yoki byudjet hisobidan ixtisoslashtirilgan muassasaga yotqizish uchun murojaat qilmaslik kerakligi aytilgan.

Davlat departamentining yuqori martabali amaldorining “Washington Post” nashriga ma’lum qilishicha, ushbu maktub departamentning siyosiy rahbariyati tomonidan tayyorlangan va odatda soha mutaxassislari tomonidan baholanadigan oddiy kanallar orqali tekshiruvdan o‘tmagan. WP ta’kidlashicha, Davlat departamenti viza olish uchun arizani ko‘rib chiqishda ariza beruvchining qaramog‘ida bo‘lgan shaxslar, bolalar yoki keksa ota-onalar soni va ularning «alohida ehtiyojlari» yoki nogironligi borligini hisobga olishga chaqirdi.

Immigratsiya bo‘yicha advokat Vik Goyelning gazetaga ma’lum qilishicha, yangi qoidalar ham immigratsion, ham noimmigratsion vizalarga taalluqli.

Oq uy matbuot kotibining o‘rinbosari Anna Kellining aytishicha, Davlat departamentining 100 yillik siyosati “soliq to‘lovchilar uchun moliyaviy yuk bo‘lishi mumkin bo‘lgan ariza beruvchilarga” viza berishni rad etish vakolatini o‘z ichiga oladi.

“Prezident Tramp ma’muriyati nihoyat bu siyosatni to‘liq amalga oshirmoqda va amerikaliklarni birinchi o‘ringa qo‘ymoqda”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH hukumati xorijliklarga noimmigratsion vizalar, jumladan, B1/B2 turistik vizalar berish qoidalarini kuchaytirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh viza semiz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing