Endi rektorlar Garvardda o‘qib keladi

Jamiyat

image

“Yangi O‘zbekiston” universitetida rektorlar maktabi orqali rektor va prorektorlikka nomzodlar maqsadli tayyorlanadi. Bu haqda bugun, 8 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliygohlar bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

O‘quv kursida eng yaxshi natija ko‘rsatgan rektorlikka nomzodlar malaka oshirish uchun Garvard universitetiga yuboriladi.

Shuningdek, ko‘p masalalarda rektorlarga mustaqillik beriladi. Avvalo, barcha oliygohlar tashkiliy va akademik mustaqil bo‘ladi. Ya’ni, rektor o‘rinbosarlarini o‘zi tayinlaydi (amaldagi tartibga ko‘ra, vazirlik bilan kelishish kerak).

Bunda har bir nomzod oliygoh kengashida o‘zining yillik dasturini himoya qiladi. Rektorlar belgilangan moliyalashtirish va shtati doirasida professor-o‘qituvchilar va boshqaruv xodimlarini o‘zi taqsimlaydi. Bundan tashqari, rektorlarga “super” kontrakt summasini tabaqalashgan holda belgilash vakolati beriladi.

Davlat rahbari rektorlar vakolatini kengaytirish va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilish zarurligini ta’kidladi. Endilikda, “Yangi O‘zbekiston” universitetining baholash tizimi oliygohlarda ham yo‘lga qo‘yiladi. Moliyalashtirish oliygohlar to‘plagan ballariga qarab amalga oshiriladi.

Oliygohlarga bitiruvchilar bandligiga qarab – 40 ball, ilmiy tadqiqotlar uchun tarmoq buyurtmasi va mahsulotini sotishiga qarab – 30 ball, ilmiy salohiyati, tan olingan xalqaro jurnallardagi maqolalari uchun – 20 ball; tadqiqotlar uchun jalb qilgan mahalliy va xorijiy grant uchun 10 ballgacha beriladi. Masalan, Qarshi texnika universiteti jami ballarning 85 foizini to‘plasa, bu yilgi byudjetdan berilayotgan 78 milliard so‘mga qo‘shimcha 20 foizlik bonus beriladi. Agar 56 foizdan kam to‘plasa, keyingi o‘quv yiliga moliyalashtirish qisqaradi.

Milliy universitet, Irrigatsiya kabi ilmiy oliygohlar, Madaniyat va san’at, Konservatoriya kabi ijtimoiy oliygohlarni texnika yo‘nalishidagi amaliy oliygohlar bilan tenglashtirib bo‘lmasligi qayd etildi. Shu munosabat bilan mutasaddilarga reyting mezonlarini ishlab chiqishda buni ham hisobga olish topshirildi.


Maqola muallifi

Teglar

rektor Garvard

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing