Endi odamlarni turk seriali yoki futbol bilan aldab bo‘lmaydi – Kitob savdogari bilan suhbat
Intervyu
−
01 fevral 2020
8275Kitob mutolaasi. Kitob o‘qish, inson tafakkurini o‘stirish juda ham muhim jarayon. Bilimga chanqoq yoshu qari kitob ilinjida do‘konga boradi. Biroq kitoblar narxi aholi daromadiga nisbatan qimmat bo‘lsa-chi?
Bir kitobga ketadigan mehnat, yangi Soliq kodeksida kitob sanoati va ma’rifatga e’tibor berilmagani haqida sohada ma’lum tajribaga ega, tadbirkor Firuz Allayevni suhbatga tortdik. “Asaxiy.uz” internet-do‘koni egasi kitob sanoatida soliq imtiyozlari berish zarurligini tushuntirdi.
– Ma’lumki, yangi soliq kodeksi qabul qilindi va kuchga kirmoqda. Bu kodeks kitob sanoatiga qanday o‘zgarishlar olib kelishi taxmin qilinmoqda?
– Faqatgina, yangi soliq kodeksi emas, boshqa omillar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bo‘lib, unga binoan 2020 yil 1 yanvargacha kitob savdosi soliqlardan ozod qilingan edi. Endi esa kitob savdosi ham boshqa biznes turlari kabi qo‘shilgan qiymat solig‘i va boshqa soliqlarga tortilishi belgilandi.
Biz yangi soliq kodeksidan kitob ishlab chiqarishda qandaydir imtiyozlar bo‘lishini kutgandik. Yo‘q, hech qanday soliq imtiyozlari ko‘zda tutilmadi. Kitobga ham ko‘chadagi oddiy oziq-ovqat do‘koni yoki maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari singari bir xil soliq to‘lanishi belgilandi.
– Bitta kitob ishlab chiqarish uchun soliqlar qanchaga tushmoqda?
– Bitta korxonaning yillik pul aylanmasi 1 milliard so‘mga yetmagan bo‘lsa, boshqa biznesdagi kabi yagona soliq to‘lashadi. Bu 4 foizdir. Agar 1 milliard so‘mdan ortsa, qo‘shilgan qiymat solig‘i vujudga keladi. Bu mahsulot tannarxining 15 foizi deganidir. Shuningdek, korxonalardan olinadigan daromad solig‘i ham bu yildan boshlab 12 foizdan 15 foizga ko‘tariladi. Daromad solig‘i avval qo‘shilgan qiymat solig‘i va xarajatlardan tashqari olgan daromadingizdan to‘lanadi.
Bundan tashqari, xodimlarning maoshiga daromad solig‘i 15 foiz to‘lanadi. Tarjimon, yozuvchi, redaktor va boshqa ijodkor xodimlarning gonorariga ham 15 foiz soliq nazarda tutilgan.
– Bu holatni qanday baholaysiz?
– Liberal odam sifatida aytganda, iqtisodiyotda raqobat bo‘lishini qo‘llab-quvvatlayman. Ya’ni, bozor sharoitlarida hammaga bir xil imkoniyat yaratilishi, to‘g‘ri deb hisoblayman. Lekin ayrim ijtimoiy sohalarga imtiyozlar berilmasa bo‘lmaydi. Butun dunyodagi tajriba shunday. Eng kapitalistik davlatlarda ham buni ko‘rish mumkin. Masalan, Fransiyada non, go‘sht, sut mahsulotlariga ramziy ma’noda 1 foiz qilib QQS belgilangan. Umumiy QQS esa 21 foizdir. Kitob savdosiga nisbatan esa 5,5 foiz qilib belgilangan.
Germaniyada bu raqam 7,7 foiz ekan. Rossiyada kitob ishlab chiqarishga 10 foiz soliq solingan, umumiy QQS 20 foiz. Kitob bu – ma’rifat. Bu xalqning onggi uchun kerak. Ijtimoiy ahamiyati kuchli bo‘lgani uchun bu sohada qandaydir imtiyozlar bo‘lishi, soliq boshqa sohalardan kamroq bo‘lishi dunyo tajribasida bor. Bizda ham shunday bo‘lishi kerak deb o‘ylayman.
– So‘zingizdan bizning yangi soliq kodeksiga ham yangiliklar kiritilishi kerak deb tushunsak bo‘ladimi?
– Tan olamizmi, yo‘qmi biz kitob o‘qish bo‘yicha orqada qolgan davlatlardanmiz. Aholi soniga sotilayotgan kitob, o‘qilayotgan kitob soni juda kam. Biz kitob o‘qishni targ‘ibotini qilib turib, kuchli avlod yetishtirmasak, yana bir nech o‘n yil taraqqiyotdan orqada qolamiz. Taraqqiyot qilish uchun, ma’rifatni ko‘tarish uchun kitob eng muhim manba. Ta’lim va kitob dolzarb sohalardir. Shuning uchun ham bizda bu masalani ko‘rib chiqilishi kerak. Yoki subsidiya qilinishi kerak. Statistikaga ko‘ra, aholining 43 foizining daromadi oyiga bir milliondan kam ekan. Bu rasmiy ma’lumot. Kitob narxini tushirish sun’iy tarzda qilinmasligi kerak. Bizda shunday metodlar bor-ku. Go‘shtning narxini tushirish kerak bo‘lsa, majburiy narx belgilanadi. Bu tartibda emas, tabiiy yo‘llar bilan ishlab chiqish kerak. Hech bo‘lmasa, 5-10 foiz soliqlar tushirilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Hech bo‘lmasa, narxini oshmasligiga harakat qilish kerak.
– Narxning arzonlashishi kitob ko‘proq sotilishiga ta’sir ko‘rsatadimi? Kitob o‘qiydigan odam narxga qararmikin?
– Ba’zida kitob bozorida 500 so‘m farq ham sezilishi mumkin. Lekin bizda kitoblar sal qimmatroq. Chunki kitobni tayyorlash jarayoni bor. Unda ishlaydigan kadrlar bor: muharrir, tarjimon va hokazo. Agar siz professional kadrlar bilan ishlasangiz, o‘z-o‘zidan xarajati oshib boradi. Qimmatroq mahsulot ishlab chiqarishga majbur bo‘lasiz. Shunday kitoblarni ko‘ryapmizki, 100 betli kitoblar 6-7 ming so‘mdan sotilayotganlari ham bor. Ichini ko‘rsangiz, qog‘ozning sifatidan tortib muharrirning ishigacha sifatsiz holda. Narxni ushlab turaman deb, sifatdan voz kechishga majbur bo‘lgan. Masalan, Jim Kollinzning “Yaxshilikdan buyuklikka” degan kitobi bor. O‘sha kitob deyarli 600 betli bo‘lib, 87 betli qilib tarjima qilib chiqarishibdi. Bu narxni tushirish, bozorda ko‘proq sotishga harakat deb o‘ylayman.
– Kitob sanoatidan asosiy maqsad – xalqning onggini ko‘tarish. Bu holatda aksincha, ziyon yetkazib qo‘yish mumkin-ku...
– Faqat bizda emas, butun dunyoda kitob ham bir biznes. Masalan, kitob chiqarib yurgan hususiy nashrlarning hammasi ma’rifiy jihatidan zarurligini his qilishadi. Lekin buni biznes deb qabul qilishadi. Chunki tadbirkor odam o‘z-o‘zidan daromad olishni o‘ylaydi. Kamida xodimlarining oyligini to‘lab, ijarasini to‘lab, ma’lum miqdorda daromad olishni o‘ylaydi. Sifatsiz kitob chiqarilsa, foydasidan ko‘ra zarari ko‘proq tegadi. Umuman olganda, bu sohada muammolar bor. Sifat masalasida muammolar bor. Ko‘p yillar ishlash kerak bo‘ladi. Uzoq yillar davomida professional muharrirlar, korrektorlar shakllanishi kerak. Tarjimonlar maktabi yaxshi ishlashi kerak. Afsuski, hozirgi tarjimonlik fakultetlaridan chiqayotgan tarjimonlar juda achinarli ahvolda. Ham kadrlar, ham bozor rivojlanmagani sabab muammolar ko‘p.
Tan olish kerak, so‘nggi yillarda so‘z erkinligi berildi. Odamlarga biroz erkinlik berilganidan, fikrlashi paydo bo‘lganidan so‘ng, u odamni shunchaki turk seriali yoki futbol bilan aldab bo‘lmaydi. O‘z-o‘zidan, hattoki eng chekka qishloqdagi odamda ham faqat shou-biznes emas, bilim olishga qiziqish paydo bo‘ldi. Chunki, so‘z erkinligi sabab matbuotda ko‘p materiallar chiqyapti. Xalq bunga o‘rganmagan. U tushunishni xohlaydi. Hozir O‘zbekistonda kitobga bo‘lgan qiziqish oshdi. Umid qilaman, keyingi yillarda shuni ushlab qolsak, kitob savdosi asta-sekinlik bilan jonlanib boradi.
– Demak, birinchi bosqich – xalqda qiziqish uyg‘onishi vujudga keldi. Keyingi bosqich qanday bo‘lishi kerak?
– Bundan keyin ham kitob targ‘ibotini davom ettirish kerak. Kitoblar kontentini rivojlantirish kerak. Qiziqarli kitoblarni ko‘proq chiqarish kerak. Maqsad – xalqning qiziqishini yanada oshirib borishdir. O‘z navbatida, kitob savdosi talab bo‘lgan vaqtda kerakli taklifni bera olish ham kerak. Masalan, talab bor, ya’ni xalq so‘rayapti. Lekin taklif bo‘lmasa, ishonch o‘lib qoladi. Masalan, o‘zbek kinolariga hech kim ishonmay qo‘ygan. Lekin yaxshi kinolar chiqadi. Odamlar esa buni yaxshiligiga ishonmaydi. Chunki qaysidir bosqichga kelib shou-biznes yulduzlari bilan olinadigan kinolar xalqning ehtiyojiga javob bermay qo‘ygan. Talab bo‘lib turgan vaqtda taklif bo‘lmagan, ya’ni yaxshi kino bo‘lmagan va xalqning ishonchi o‘lgan.
– Kitob sanoatidagi kadrlar masalasida gapirdingiz. Bitta kitobni nashrdan chiqqunicha, nechta bosqichdan, nechta mutaxassisning qo‘lidan o‘tadi?
– Hozir biz 7 ta bosqichda ishlayapmiz. Birinchi kitoblarimizdan bo‘lgan Jorj Oruellning “1984” kitobini tarjima qilib chop etdik. Bunda yuzlab imloviy xatolar ketib qoldi. Kadrlarni almashtirib ko‘rdik, biroq bunda ham xatolar bo‘laverdi. Keyin Fransiyaga borib o‘rganib keldik. Ayni vaqtda 7ta bosqich qilingan. Avval, mualliflik huquqi sotib olinadi. So‘ngra, tarjimon asarning original tilidan tarjima qiladi, ya’ni nemis tilimi, fransuzmi yoki ispanmi, farqi yo‘q. Keyin muharrir tekshiruvi bo‘ladi. Oldinlari bitta muharrir ko‘rib chiqardi. Hozir ko‘proq tekshiruv bo‘ladi. Bunda muharrirlardan biri tarjimani original asar bilan solishtirib chiqadi. Biror jumla noto‘g‘ri ketmagani, tushib qolmaganini tekshiradi. Masalan, ikkimizga bitta o‘zbekcha matnni bersa, ikkimiz ikki xil tushunamiz. Shu sababli, tarjimaning tahririni ham kiritdik. Keyin badiiy muharrir ko‘rib chiqadi. So‘ngra, musahhih ko‘rib chiqadi. Korrektirovkadan so‘ng, dizayner ko‘rib chiqadi. Dizaynerdan so‘ng ham musahhih ko‘rishi lozim. Chunki dizayner sahifalaganda, bo‘g‘in ko‘chirishlarda muammo yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Shu bosqichlardan so‘ng, kitobni ro‘yxatdan o‘tkazishga beramiz va chop etamiz. Bitta kitob holiga kelgunigacha ko‘p bosqichlardan o‘tadi. Eng oxiri o‘zim o‘qib chiqaman.
– “Bu kitobga ruxsat olishibdi, bu kitobga ruxsat berishibdi” degan so‘zlarni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p o‘qiganmiz. Birorta kitobni nashr qilish uchun o‘ziga xos ruxsat olishi tizimi mavjudmi?
– Yo‘q, bu ruxsat olish tizimi degani senzura emas. Kitoblarning ham o‘zining maxsus kodlari bor. Kitobga o‘sha kodni olib ro‘yxatga olish uchun AOKAda ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Ruxsat olishda muhim jihat borki, xohlagan kitobni sotib olishi uchun muallifdan ruxsat olish kerak. Shu masalada bo‘lsa, ruxsat olinishi majburiydir.
LiveBarchasi