Endi odamlar yirik korxona va banklarning aksiyasini sotib olishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekistonda ilk bor Navoiy va Olmaliq kombinatlari, Metallurgiya kombinati, “O‘ztelekom”, Milliy bank, Sanoatqurilishbank kabi yirik korxonalarning o‘rtacha 2 foiz aksiyalari aholiga sotiladi. Bu haqda bugun, 24 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan davlat mulkini xususiylashtirish ishlarining ijrosi va bu borada joriy yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilishda so‘z bordi. 

Yig‘ilishda Toshkent viloyatida 112 ta ob’ekt sotilib, ularning negizida 150 ta tadbirkorlik sub’ekti va mingdan ziyod yangi ish o‘rni paydo bo‘lgani alohida o‘rnak sifatida ko‘rsatildi. Lekin Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo va Sirdaryoda o‘tgan yili savdoga chiqarilgan mulklarning 30 foizi ham sotilmagan. Tarmoqlar kesimida aytganda, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi mulklarning xususiylashtirilishi sust.

Umuman, joriy yil boshida 30 mingdan ortiq davlat ob’ektida o‘tkazilgan xatlov bu borada ishlar hali ko‘pligini ko‘rsatgan.

Shu bois bugun davlatimiz rahbarining qarori bilan xususiylashtirish dasturi tasdiqlandi. Unda uchta yo‘nalishda – aksiya, ko‘chmas mulk va IPO bo‘yicha xususiylashtirish rejalari belgilangan. 

Birinchidan, 1 mingta korxonadagi davlat aksiya paketlari sotuvga chiqariladi.

Ikkinchidan, 1 mingta ko‘chmas mulk ob’ektlari ommaviy savdolarga qo‘yiladi. Ularda 600 gektar yer va 1 million kvadrat metrli bino-inshootlar mavjud. Eng muhimi, infratuzilma bilan ta’minlangan va aholi punktlariga yaqin.

Ushbu ob’ektlarni sotishni tezlashtirish uchun mulklarni sotishga tayyorlash muddati hozirgi 80 kundan 48 kunga qisqartiriladi. 2 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan ob’ektlarni tadbirkorlarning murojaati asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoga chiqarishga ruxsat beriladi.

Uchinchidan, 40 ta yirik korxona va banklardagi davlat ulushi “xalqchil IPO” orqali sotiladi. Jumladan, ilk bor Navoiy va Olmaliq kombinatlari, Metallurgiya kombinati, “O‘ztelekom”, Milliy bank, Sanoatqurilishbank kabi yirik korxonalarning o‘rtacha 2 foiz aksiyalari aholiga taklif etiladi. Bunda aholiga aksiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish imkoniyati yaratiladi. Aksiyalari sotilgan korxonalar besh yil davomida sof foydasining kamida 30 foizi dividend to‘lashga yo‘naltiradi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur dastur samarasida joriy yilda 13 trillion so‘m tushum ta’minlanadi, 3 mingta yangi korxona tashkil etish va 50 mingta ish o‘rni yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Yig‘ilishda ushbu vazifalar barcha hudud va tarmoqlar kesimida muhokama qilindi. Mutasaddilar dastur ijrosini ta’minlash bo‘yicha hisobot berdi. 

Xususiylashtiriladigan davlat mulklari imkoniyatini aholi va tadbirkorlar o‘rtasida targ‘ibot qilish, hujjatlarni rasmiylashtirishda ularga ko‘maklashish muhimligi ta’kidlandi. Yirik davlat kompaniyalarini kapital bozoriga olib chiqish, investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing