Endi OAV ochiq sud majlislariga bemalol kira oladimi?
Jamiyat
−
21 fevral 2020
5268Bugun Oliy sud binosida “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida”gi Plenum qarori loyihasining muhokamasi bo‘lib o‘tgan. Unda ommaviy axborot vositalari vakillarini ochiq sud majlislarida erkin qatnashishi va axborot olishlari, buning uchun sudlar zarur sharoit yaratishi, ish yopiq sud majlisida muhokama qilinishi to‘g‘risidagi ma’lumot hamma uchun ochiq bo‘lishi, yopiq sud o‘tkazilishining asoslari aniq ko‘rsatilishi kabi bir qancha masalalar muhokama qilingan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va kommunikatsiyalar agentligi o‘z saytida ma’lum qildi.
AOKA tomonidan jurnalist sud protsessi bilan hamohang tarzda yozma qaydlarni amalga oshirishga ulgurmasligi oqibatida ma’lumotlarni to‘liq yozib olmay noto‘g‘ri xabar tarqatib qo‘yishi mumkinligi, audioyozuv yordamida material tayyorlash oson va qulay bo‘lishi sababli ochiq sud protsessida (fuqarolik ishlari istisno) audioyozuvni amalga oshirishiga erkinlik berish kerakligi bayon qilingan.
Yig‘ilish so‘ngida asoslantirilgan taklif va e’tirozlar inobatga olingan holda “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida”gi Plenum qarori loyihasi asos sifatida qabul qilingan. Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolari, Oliy sud sudyalari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va huquq-tartibot organlari rahbar xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan.
Biroq mutasaddilar tomonidan bu haqda katta minbarlardan turib aytilsa ham jurnalistlarning ochiq sud majlisiga kiritilmaslik holatlari hanuz amaliyotda uchrab turibdi. Bunga misol sifatida yaqinda QALAMPIR.UZ muxbirining jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudiga kiritilmaganini aytishimiz mumkin. Ushbu yig‘ilish boshqalaridan farq qilib real hayotda ham o‘z samarasini berishini istab qolardik.
LiveBarchasi