Endi navbat Qatarga keldi. Netanyaxu dunyo uchun xavfga aylandi

Tahlil

G‘azo va G‘arbiy Sohilni o‘z ichiga olgan Falastin, Yaman, Livan, Suriya, Eron va mana endi Yaqin Sharq mintaqasining boshqa bir chekkasida joylashgan Qatar. Isroilning zarbalari na chegara, na xalqaro huquq va na dunyoda mavjud siyosiy tartib-qoidalarni hisobga olmoqda. Yahudiy davlati uchun hech qanday chegara qolmadi. Aniqrog‘i, kecha dunyo xaritasidan zo‘rg‘a joy olgan va hozir ham ko‘z ilg‘amas hajmda bo‘lgan bu davlatga biror bir kuch o‘z haddini bildirib qo‘ymayapti, qo‘ya olmayapti. Bu davlat ortidan Yaqin Sharqda insoniy qadriyat, siyosiy muvozanat va xalqaro huquq normalari nurab bormoqda. Endi u nafaqat mintaqa uchun, balki butun dunyo uchun rostmanasiga "saraton beziga" aylandi. Isroildagi rejimni "davolash" imkoni yo‘qdek taassurot uyg‘otmoqda. 

HAMAS va Tel-Aviv o‘rtasidagi muzokaralarda yaqqol yetakchi rolda bo‘lgan va tinchlik uchun harakat qilayotgan Qatarning o‘ziga zarba bergan davlatga yana qanday baho berish mumkin? Netanyaxu rejimini to‘xtatish yoki hech bo‘lmaganda uni tiyib turish vaqti kelganiga bundan ortiq dalil yoki signal bo‘lmaydi. Yahudiy davlatidagi rejim endi butun dunyo uchun chinakam xavf. Chunki yaqin-yaqingacha faqat o‘ziga chegaradosh bo‘lgan davlatlarga nisbatan agressiya qilib kelgan Isroil joriy yil yozda o‘zidan 2,5 ming km uzoqlikdagi Eron hududlarida, 9 sentyabrda esa salkam 2 ming km masofada joylashgan Qatarda qo‘poruvchilik harakatini amalga oshirdi va bu harakatni o‘z zimmasiga olib, uni ortida turganini yashirmadi. Odatda bunday yondashuv kimlardan chiqishi ko‘pchilikka ayon. Masalan, dunyoning qaysidir tinch o‘lkasida terakt sodir bo‘lsa, ma’lum vaqt o‘tib, uni biron bir terrorchi tashkilot o‘z zimmasiga oladi. Ha, bu ketishda kelajakda “Al Qoida”, ISHID va boshqa terrorchi tashkilotlar qatori kengayadigan ko‘rinadi. Netanyaxu rejimi bu uchun “astoydil harakat qilmoqda”.

Dohaga zarba HAMASga emas, tinchlikka qarshi zarba

9 sentyabr kuni Qatardagi mahalliy vaqt bilan tushda, soat 15:00 atrofida Isroil Dohaga zarbalar yo‘lladi. HAMAS harakatining siyosiy byuro a’zolari yashayotgan nuqtalar va ular yig‘in o‘tkazgani aytilgan ob’ekt mazkur zarbalar nishoniga aylandi. Bu havo hujumimi yoki o‘sha yerning o‘zida amalga oshirilgan qo‘poruvchilik harakati-mi, anglash qiyin. Videotasvirlarda faqat portlashlarni ko‘rish mumkin. Ba’zi manbalar raketa hujumi deyotgan bo‘lsada, ijtimoiy tarmoqlardagi tasvirlarda havodan raketa kelib tushgani ko‘rinmaydi. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham mazkur harakat hujum, bir davlatning suverenitetini oyoqosti qilish ekani yaqqol ko‘rinib turibdi. Hujum Dohadagi ko‘plab xorijiy elchixonalar, maktablar, supermarketlar va turarjoy binolari joylashgan Uest Bey hududida sodir bo‘ldi. Bu nuqtada qatarliklar bilan bir qatorda ko‘plab xorijliklar istiqomat qiladi. Isroilning bu qo‘poruvchilik harakati oqibatida sodir bo‘lgan portlashlar va u hosil qilgan qora tutunning ko‘lami mazkur hujum qay darajada halokatli bo‘lganini ochiqlaydi. 

Eng qizig‘i, Dohaga qilingan bu hujumning asosiy nishoni HAMASning yuqori martabali rahbarlari, xususan, G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda qatnashib kelayotgan guruh a’zolari bo‘lgan. Hujumdan bir soat o‘tib esa, Isroil Dohani o‘qqa tutganini tasdiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur harakat yahudiy davlati harbiylari va uning maxfiy xizmatlarining o‘zaro hamkorligida amalga oshirilgan. Bu Isroilning Qatarga birinchi bor hujum qilishi, ammo xavotirli joyi shundaki, oxirgisi deb ham bo‘lmaydi. Chunki mamlakat tepasida 2 yillik genotsid tarixiga ega, G‘azoda 65 ming insonni qirib yuborgan rejim turibdi. Yanada hayratlanarlisi esa, Isroil o‘tgan davr mobaynida o‘z delegatsiyasi bilan Qatarga bir necha bor tashrif buyurgan. 

Ajablanarlisi shundaki, SAXAL va Isroilning Umumiy xavfsizlik xizmati – SHABAK HAMAS liderlariga zarba berilganini o‘ta takabburona tarzda tasdiqladi. Ularning qo‘shma bayonotiga ko‘ra, hujumda “yuqori aniqlikdagi o‘q-dorilar” va “qo‘shimcha razvedka ma’lumotlari” qo‘llangan va bu orqali tinch aholiga zarar yetkazish kamaytirilgan. Isroil tomonining bu bayonoti qatarliklarga zarar yetkazmaslik emas, shunchaki ularga zarar yetkazish kamaytirilganini bildirdi. Bu yondashuv suverenitetni buzish, bir davlatning xavfsizligiga tupurishdan boshqa hech narsa emas. 

Shu o‘rinda, ushbu voqelikka Qatarning o‘zi qanday javob qaytargani qiziq. Qatar Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Majid al-Ansoriy o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Dohada HAMAS siyosiy byurosi a’zolariga uyushtirilgan hujum uchun Isroil armiyasi mas’ul ekanini ta’kidladi va Dohadagi turarjoy binolariga, “HAMAS siyosiy byurosining bir nechta a’zolari yashagan joylarga” qilingan Isroilning “qo‘rqoqona” zarbalarini qoralashdan nariga o‘tganicha yo‘q. U, shuningdek, yuqori darajadagi tergovlar olib borilayotgani va qo‘shimcha tafsilotlar paydo bo‘lishi bilan darhol e’lon qilinishini aytib o‘tdi.

Ayni damda esa Dohadagi vaziyat barqaror ekani aytilmoqda. Qatar Ichki ishlar vazirligi hudud xavfsiz ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, vazirlik voqea joyida maxsus guruhlar ishlayotgani aytib, barchani rasmiy manbalardan ma’lumot olishga chaqirdi. Qatar Airways esa holat kompaniyaning parvoz jadvaliga ta’sir qilmaganini tasdiqladi.

AQSH Qatarga xiyonat qildimi?

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu idorasi 9 sentyabr kuni X tarmog‘iga post joylab, Isroil mazkur hujumni yakka o‘zi amalga oshirganini ma’lum qildi.

“Isroil buni boshladi, qildi va bu bo‘yicha to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi” deyiladi, ushbu xabarda.

Netanyaxu va Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats qo‘shma bayonot berib, bu hujumni oqladi va Dohaga berilgan zarba bir kun oldin Sharqiy Quddusdagi otishmada halok bo‘lgan olti nafar isroillik uchun javob bo‘lganiga ishora qildi. Hatto Isroil muxolifati yetakchisi, G‘azodagi qirg‘inlarda amaldagi hukumatni keskin tanqid qilib kelayotgan Netanyaxuning ashaddiy raqobatchisi Yair Lapid ham Dohaga qilingan hujumni olqishladi. Albatta, buni tushunsa bo‘ladi, negaki HAMAS Isroildagi muxolifat bo‘ladimi yoki amaldagi hukumat, farqi yo‘q, u barcha yahudiy siyosiy doiralari uchun birdek dushman. 

Shu o‘rinda, Dohaga qilingan hujumning yana bir muhim nuqtasiga e’tibor qaratish lozim. Bu AQSHning ehtimoliy aralashuvi, yoki juda bo‘lmasa, oldindan bu haqda xabar topganidir. Netanyaxu hujum Isroil tomonidan yakka tartibda, hech kimning aralashuvisiz amalga oshirilganini ma’lum qildi. Dunyodagi qudratli maxfiy xizmatlardan biriga egalik qiladigan Buyuk Britaniya ham mazkur hujumdan xabardor bo‘lmaganini ta’kidladi. Ammo AQSH Isroilning mazkur qing‘ir rejasidan xabardor bo‘lmaganiga ishonish qiyin edi. Xabardor bo‘lib ham bu hujum uning eng yaqin ittifoqchilaridan biri bo‘lgan Qatarga qilinsa. Shu bois, Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt Prezident Donald Tramp Isroilning Dohaga hujumi haqida xabar olgach, o‘zining maxsus elchisi Stiv Uitkoffga Qatarni darhol bundan xabardor qilishni buyurdi deb aytdi. Ammo Qatar TIV vakili Majid Al-Ansoriy Dohaga hujum haqida oldindan xabar berilgani haqidagi bu da’volarni yolg‘on deb atadi. Unga ko‘ra, amerikalik amaldor Dohaga hududda portlashlar sodir bo‘lgandan keyin qo‘ng‘iroq qilgan. 

Kerolayn esa o‘z bayonotida Qatar AQSHnin yaqin ittifoqchisi ekani, Prezident Tramp Dohada “qayg‘uli voqea” sodir bo‘lganidan afsusda ekani aytdi. Ammo uning qo‘shimcha qilishicha, Donald Tramp Binyamin Netanyaxu bilan suhbatlashgach, mazkur hujum “tinchlik uchun imkoniyat bo‘lishi mumkin” ekanini ham qo‘shimcha qildi. Shuningdek, AQSH Prezidenti Qatar Amiri Shayx Tamim Bin Hamad Ol-Soniy va mamlakat Bosh vaziri Muhammad bin Abdulrahmon bin Jassim Ol-Soniylarga “bunday holat ularning yerlarida boshqa takrorlanmasligiga” va’da bergan.

“Qatarga qarshi bir tomonlama zarbalar Isroil va Amerika maqsadlariga mos emas. Qatar suveren mamlakat va AQSHning yaqin ittifoqchisi, u bizga tinchlik uchun vositachilik qilishda astoydil harakat qiladi va jasorat bilan yordam beradi. Biroq, G‘azo aholisining azob-uqubatlaridan “foyda ko‘rgan” HAMASni yo‘q qilish munosib maqsaddir”, dedi Livitt.

Biroq Oq uydan qanday bayonot yangramasin, vaziyat baribir shubhali. Negaki, Isroil hujum qilgan Uest Bey hududi AQSHning Qatardagi va mintaqadagi eng yirik harbiy bazasi hisoblanadigan Al-Udeyddan bor yo‘g‘i 40 km uzoqlikda joylashgan. Endi esa Isroil tomoni aytgan yuqoridagi razvedka ma’lumotlarini eslang. Shubhalar asosli. Qatar xiyonatga uchragan bo‘lishi mumkin. Chunki u Yaqin Sharqdagi AQSHning eng yaqin hamkorlaridan biri bo‘lishiga qaramay, Oq uy tomonidan shu yerdagi jazmani Isroilning manfaatlari uchun qurbon qilinish ehtimolini istisno qilib bo‘lmaydi. 

Yana bir e’tiborga molik jihati shuki, joriy yil may oyi o‘rtasida Tramp Yaqin Sharqqa safar qilib, salkam 3 trillion dollar bilan ortga qaytgandi. Saudiya, BAA va Qatar umumiy hisobda AQSHga shuncha miqdorda investitsiya yetkazishi belgilandi. Mazkur 3 trillion dollarning naqd 1,2 trillioni Qatar ulushiga to‘g‘ri keldi. Agar Doha AQSHga investitsiya kiritishni boshlab yuborgan bo‘lsa, sodda qilib aytganda, bu pullarning bir uchi o‘zini o‘qqa tutilishi uchun sarflanganini bildiradi. Chunki Qo‘shma Shtatlar byudjetida Isroilning AQSHdan qolishmaydigan o‘rni borligi hech kimga sir emas. AQSHdan yiliga bir necha milliard dollar yordam qabul qilib oladigan Isroilning Dohaga bergan zarbasida qo‘llanilgan o‘sha yuqori aniqlikdagi qurollarning ortidagi pullar Qatarga unchalik ham begona emas.  

Kimlar o‘ldi?

Dohadagi portlashlardan so‘ng, dastlab, “Al Arabia” nashri Isroil zarbasi oqibatida HAMAS siyosiy byurosi rahbari Xolid Mash’al va guruhning G‘azo sektoridagi yetakchisi Halil al-Hayya halok bo‘lgani haqida xabar berdi. Ammo keyinchalik, HAMAS rasmiysi Suhayl al-Hindi “Al Jazeera”telekanaliga bergan intervyusida boshqacha ma’lumot berdi. U Isroil Dohada G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan HAMAS yetakchilarini nishonga olganini aytdi. Unga ko‘ra, Isroil hujumi HAMAS vakillari o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha AQSH tomonidan taklif qilingan variantni ko‘rib chiqish uchun yig‘ilgan paytda sodir bo‘lgan. U yerda harakatning yuqori martabali rahbarlari Xalil al-Hayya va Xolid Mash’al ham bo‘lgan. Biroq al-Hindi keltirgan qurbonlar ro‘yxatida ular yo‘q. Aytilishicha, Isroil hujumida Xalil al-Hayyaning o‘g‘li Xumom va uning bosh yordamchilaridan biri halok bo‘lgan. Harakat Isroil hujumida 6 nafar inson vafot etganini ochiqladi. Qatar esa HAMAS a’zolari bilan birga kamida bir nafar o‘zining xavfsizlik xodimi ham halok bo‘lganini tasdiqladi. Qatar Ichki ishlar vazirligi xavfsizlik kuchlarining boshqa a’zolari yaralanganini ma’lum qildi. 

O‘zbekiston Isroil hujumini qoraladi

Isroilning Dohaga qilgan kutilmagan hujumidan so‘ng, dunyoning qator mamlakatlari yahudiy davlatini qoraladi. Jumladan, Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi o‘ziga qardosh bo‘lgan Qatarga nisbatan qilingan Isroilning shafqatsiz tajovuzini qoraladi va birodar Qatar bilan to‘liq birdam ekanini tasdiqladi. 

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi esa ushbu hujum Isroilning G‘azoga qarshi urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvdan manfaatdor emasligini ko‘rsatishini ta’kidladi. 

Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vaziri Shayx Abdulloh bin Zoid Ol Nahayon Qatar bilan birdamlik e’lon qilib, Isroil hujumini “qo‘rqoqlik” deb atadi. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil zarbalarini Qatar suvereniteti va hududiy yaxlitligini “qo‘pol ravishda buzish” deb baholadi. 

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham Qatarga bilan birdamlik izhor qilib, Isroil hujumi “nima sababdan bo‘lishiga qaramay, qabul qilib bo‘lmas” ekanini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Misr, Quvayt, Iordaniya, Iroq, Suriya, Maldiv orollari, Livan, Marokash, Jazoir va Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi ham Isroilning Dohaga qilgan hujumini qoraladi. 

Qoralovchilarning oldi qatoridan O‘zbekiston va Qozog‘iston ham o‘rin oldi. Rasmiy Ostona bu vaziyatga Prezident, O‘zbekiston esa Tashqi ishlar vazirligi darajasida munosabat bildirdi. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev huddi Makron kabi bu harakatlar qanday maqsadlarda amalga oshirilganidan qat’i nazar, ular qat’iyan yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan ish ekanini takidlagan. O‘z o‘rnida, O‘zbekiston TIV Isroilning Doha shahridagi turarjoy hududiga uyushtirgan hujumlarini qoralab, buni Qatar Davlati suverenitetini buzish, chegaralar daxlsizligi va xavfsizligiga tajovuz deb baholadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Qatar Isroil HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing