Endi mehmonxonalarda juftliklardan “ZAGS” qog‘ozi talab qilinmaydi
Jamiyat
−
23 fevral 2023
33486O‘zbekistonda mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatishda doimiy yashash joyi va nikoh guvohnomasi talab qilinmaydi. Bu haqda “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” davlat unitar korxonasi Axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi Qarorga asosan “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashtirish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlangan.
Nizomning 5-bandiga ko‘ra, mijozning doimiy yashash joyi, fuqaroligi, jismoniy shaxslarning qarindoshlik va nikoh munosabatlari, shuningdek, shaxsiy hayot huquqini cheklovchi boshqa omillardan qat’iy nazar mehmonxona xizmatlari ko‘rsatilishi lozimligi belgilab qo‘yilgan.
“Shuni ta’kidlash joizki, mehmonxona xizmatlarini taqdim qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlari ichki tartib qoidalarini ishlab chiqishi lozim. Ishlab chiqilgan ichki tartib qoidalari yuqoridagi Nizom talablariga zid bo‘lmasligi kerak”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, xabarda aytilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 iyundagi 389-son qarori bilan yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasiga fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi rasmiy davlat hujjati maqomi berilgan. Shu tufayli mehmonxonalar va boshqa joylashtirish ob’ektlari fuqarolik pasporti yo‘qligiga ishora qilib, yangi milliy haydovchilik guvohnomasi taqdim etilganda mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatishni rad etishga haqli emas.
LiveBarchasi