Endi maktablarda Qurolli kuchlar zaxirasidagi harbiylar ishlaydi
Jamiyat
−
07 noyabr
13775Endilikda chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik o‘qituvchisi shtati Mudofaa vazirligiga o‘tadi va bu vazifaga Qurolli kuchlar zaxirasidagi harbiylar jalb etiladi. Bu haqda bugun, 7 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan maktablarda musiqa, jismoniy tarbiya va harbiy vatanparvarlik fanlari sifatini oshirish bo‘yicha taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, bugun zamonning o‘zi har bir fuqarodan vatanparvar bo‘lishni taqozo etmoqda. Bunda, ayniqsa, harbiy xizmatchilar, chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari o‘rnak bo‘lishlari kerak.
Hozir maktablarda qariyb 10 ming nafar ana shunday pedagoglar faoliyat ko‘rsatmoqda. Lekin ularning 27 foizi nomutaxassis. 2 ming 750 ta maktabda ushbu fan uchun sharoit yetarli emas.
Shu bois endi chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik o‘qituvchisi shtati Mudofaa vazirligiga o‘tadi. Endi bu vazifaga Qurolli kuchlar zaxirasidagi harbiylar ishga qabul qilinadi.
Mazkur fan bo‘yicha yangi o‘quv dasturi va darsliklar yaratiladi. Har bir tuman va shaharda bittadan maktab negizida “Jasorat maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Mutasaddilar shu boradagi ishlarni tashkil etish rejalari yuzasidan axborot berdi. Oliy o‘quv yurtlarida mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha pedagoglar tayyorlashni tubdan o‘zgartirish, malaka talablari va ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yoshlarni ommaviy sportga keng jalb qilish ham muhim. Maktablarda 22 ta olimpiya, 19 ta noolimpiya, 4 ta milliy sport turlari o‘rgatiladi. Lekin jismoniy tarbiya o‘qituvchilari uchun uslubiy qo‘llanmalar yo‘q. O‘quvchilarni seleksiya qilish tizimli emas. Shuning uchun jismoniy tarbiya fani bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalar ishlab chiqilib, o‘quv dasturlari takomillashtiriladi. Ushbu fan o‘qituvchilarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini aniqlash bo‘yicha milliy baholash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Kelgusi o‘quv yilidan boshlab, bosqichma-bosqich hamma joyda maktab sport klublari tashkil etiladi. Bu yo‘nalishda ham o‘qituvchilarga toifa berishning yangi tartibi, maktablarning sport bo‘yicha reyting tizimi ishlab chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq oliy ta’lim muassasalarining musiqa va san’at yo‘nalishi bitiruvchilariga maktablarda ishlashga ruxsat berilishi xabar qilingan edi.