Endi mahkuma ayollar ham oliygohda o‘qishi mumkin bo‘ladi
Jamiyat
−
06 mart 1249 1 daqiqa
O‘zbekistonda jazoni o‘tayotgan mahkumalarga muassasalarning o‘zida imtihon topshirib, oliygohlarga kirish va masofaviy o‘qish imkoniyati yaratib beriladi. Bu haqda bugun, 6 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 8 mart – Xalqaro xotin qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbirida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinganlarga jazoni o‘tab, ishga joylashgandan keyin qaytarish sharti bilan foizsiz ssuda ham ajratiladi.
“Ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi murosasiz muhit yaratish – biz uchun strategik vazifa. Shu haftada yana bir muhim farmonni imzoladim. Endi xotin-qizlar va bolalarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik va tazyiq holatlariga qarshi qat’iy tizim asosida kurash olib boramiz”, deydi Prezident.
Keltirilishicha, jazoni ijro etish muassasalarida mahkuma ayollarning ko‘pchiligi o‘rta ma’lumotli, kasbi yoki hunari yo‘q. Ayrimlari oliy ta’lim muassasalarida o‘qish istagini bildirgan.
Shu bois, bunday xotin-qizlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha “Yangi hayot” dasturi doirasida 3-6 oy kasb dasturlarida o‘qitilib, sertifikat beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bir guruh xotin-qizlarni mukofotlagandi.