Endi ko‘chmas mulkning bozor narxiga yaqin qiymatini aniqlash uchun ommaviy baholash o‘tkaziladi
Jamiyat
−
06 mart
3657O‘zbekistonda ko‘chmas mulkning bozor narxiga yaqin qiymatini aniqlash uchun ommaviy baholash tizimi joriy etiladi. Bu haqda Prezidentning joriy yil 5 mart kuni qabul qilingan “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.
Farmonga ko‘ra, ko‘chmas mulk ob’ektlarining bozor narxiga yaqin bo‘lgan qiymatini aniqlashning zamonaviy usullari va mexanizmlarini joriy etish va keng qo‘llash, aholi va tadbirkorlarning iqtisodiy aktivlari o‘sib borishi uchun qulay shart-sharoit yaratishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi:
- respublikadagi mavjud 8 milliondan ortiq turar va noturar joylar, 7 millionga yaqin yer uchastkalarining iqtisodiy aktiv sifatidagi qiymatini aniqlash;
- ko‘chmas mulk ob’ektining soliq solish, oldi-sotdi qilish, garovga qo‘yish, jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish va boshqa holatlar uchun aniqlanadigan qiymati o‘zaro mutanosib bo‘lishini ta’minlash;
- ko‘chmas mulk bozoriga oid ishonchli, to‘liq va davriy ravishda yangilanib boradigan axborot bazani yaratish;
- soliq solishda adolatlilik tamoyilini yanada keng joriy etish.
2025 yildan bosqichma-bosqich barcha ko‘chmas mulk ob’ektlari ularning bozor narxiga yaqin bo‘lgan qiymatini aniqlash maqsadida davriy ravishda ommaviy baholashdan o‘tkaziladi.
Ommaviy baholash ishlari quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
- 2025–2026 yillarda – eksperiment tariqasida Toshkent shahrida;
- 2026–2027 yillarda – Nukus shahri va viloyatlar markazlarida;
- 2027 yil va undan keyingi yillarda – qolgan hududlarda.
Shunday qilib, respublikadagi 8 milliondan ortiq turar va noturar joy binolari, shuningdek, 7 millionga yaqin yer uchastkasining qiymati aniqlanadi, ko‘chmas mulk bozorining ma’lumotlar bazasi yaratiladi hamda soliq solishda adolat tamoyili joriy etiladi.
Ushbu maqsadlarda Kadastr agentligi huzurida ko‘chmas mulkni ommaviy baholash bo‘yicha Milliy markaz tashkil etiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ommaviy baholash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi organ etib belgilandi.
1 noyabrga qadar “Ko‘chmas mulk bozorini monitoring qilish” axborot tizimi – ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va tahlil qilish uchun, shuningdek, “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash” tizimi – ob’ektlarning bozor qiymatiga yaqin bahosini aniqlash uchun ishlab chiqilib, joriy etilishi lozim.
Bundan tashqari, 2025 yil dekabrigacha Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Toshkent shahrida o‘tkazilgan tajriba natijalari asosida mol-mulk solig‘i va yer solig‘iga nisbatan soliq stavkalarini kamaytirish hamda soliq bazasini qayta belgilash bo‘yicha takliflar tayyorlash vazifasi yuklatilgan.
LiveBarchasi