Endi kosmosda ham SI yordamida jarrohlik amaliyotini o‘tkazish mumkin
Texnologiya
−
23 avgust 2025 3121 2 daqiqa
Google va NASA kosmosda sog‘liq muammolarini hal qilish uchun sun’iy intellektdan foydalanishga harakat qilmoqda. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Qayd etilishicha, loyiha AQSHning Mars va Oyga uzoq muddatli missiyalarini rejalashtirish doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu avtomatlashtirilgan tizim Crew Medical Officer Digital Assistant deb nomlanadi. U Yerdan turib fazodagi kosmonavtlarda qanday kasallik simptomlari paydo bo‘layotganini oldindan aniqlay oladi va ularning tibbiyot ekipajiga xabar yuboradi.
Bundan tashqari, SI ma’lumotlaridan foydalanish fazoda jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishga yordam beradi.
Loyihaning dastlabki natijalari “taqdim etilgan simptomlarga asoslangan ishonchli tashxislar”ni ko‘rsatgan va kompaniya hozirda modelni shifokorlar bilan sinovdan o‘tkazmoqda. Google’ning yozishicha, loyiha juda muhim, chunki NASA’ning uzoq parvozlari davomida signal yo‘qolib, tibbiy yordam ko‘rsatish qiyinlashishi mumkin.
NASA hozirda Artemis II va Artemis III missiyalarini boshlashga tayyorlanmoqda. Bu boradagi kutilayotgan Oy missiyalari esa AQSHning 2030 yilga rejalashtirilgan birinchi Mars missiyasi uchun yo‘l xaritasi sifatida xizmat qiladi.
Hozirda kosmonavtlar kosmosda qanday tibbiy yordam oladi?
NASA kosmonavtlari kardiopulmonar reanimatsiya (CPR), psixologik va jismoniy sog‘liq, asosiy birinchi yordam, tibbiy to‘plamdan qanday foydalanish bo‘yicha umumiy tibbiy ta’lim oladi. Shuningdek, ular kosmos bilan bog‘liq ayrim kasalliklar, masalan, uglerod angidridning tanaga ta’siri va dekompressiya kasalligi haqida ham o‘rganadi.
Ma’lumot uchun, kosmonavtlar Xalqaro kosmik stansiyadagi (XKS) “mustahkam dorixona” va tibbiy asbob-uskunalardan foydalanishi mumkin. Agar ularga shoshilinch tibbiy yordam kerak bo‘lsa, Yerga qaytarilish imkoniyati ham mavjud.
Biroq, 2023 yilda chop etilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, Oyga yoki Marsga uzoq missiyalarda real vaqtda tibbiy yordam ko‘rsatish qiyin. Chunki aloqa kechikishi mumkin – Oy uchun taxminan 10 soniya, Mars uchun esa 40 daqiqagacha. Shoshilinch evakuatsiya esa haftalar yoki oylarni talab qilishi mumkin.
Shuning uchun mazkur SI yordamida kosmonavtlarning sog‘ligini mustaqil ravishda nazorat qilish va tibbiy muammolarni hal qilish imkoni tug‘iladi. Bu ayniqsa, uzoq muddatli kosmik missiyalar uchun juda zarur.
Tizim hozirda ilmiy sinovdan o‘tmoqda va kelajakdagi kosmik missiyalar uchun tibbiy yordamni yaxshilashi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Milliy aeronavtika va kosmik tadqiqotlar boshqarmasining (NASA) sobiq muhandisi Mark Rober kosmosdan selfi olish imkonini beruvchi yangi xizmatni ishga tushirgandi. Ushbu loyiha mutlaqo bepul bo‘lib, istalgan foydalanuvchi undan foydalanishi mumkin.
Malikabonu Muhammedova
Live
Barchasi