Endi Xalq qabulxonalari yangi tizimda ishlaydi

Jamiyat

image

Endi Xalq qabulxonalari faqatgina ariza qabul qiluvchi organ emas, balki hududdagi muammolarni diagnostika qiladigan markaz bo‘ladi. Bu haqda bugun, 13 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Prezident yangi tizim qanday ishlashini Qarshi shahri misolida tushuntirib bergan. Qayd etilishicha, o‘tgan yili Xalq qabulxonasiga Qarshi shahri aholisidan kelib tushgan 11 mingta murojaat tahlil qilingan.

Misol uchun, Qarshi shahridagi 255 nafar odam aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab yurganining sabablari o‘rganilganda ularning 193 nafari kasb-hunari bor bo‘lgani bilan ishsiz ekani, yana 62 nafari daromadini kamaytirib ko‘rsatayotgani aniq bo‘lgan.

Bu jarayonda hokimlik, banklar va hokim yordamchilari, shahar bandlik va MIB bo‘limlari birgalikda ishlab, fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qiladi, ishsizlarni hududdagi sanoat va servis korxonalaridagi vakant o‘rinlarga joylashtiradi. Xorijda ishlash istagida bo‘lgan aliment to‘lovchilar bilan uch tomonlama shartnoma tuzib, til va kasbga o‘rgatib, xorijga yuqori daromadli ishlarga yuboradi.

Shahar soliq inspeksiyasi esa Bosh prokuratura departamenti bilan birgalikda daromadini yashirib kelayotganlarning faoliyatini “soyadan” chiqaradi.  Shunda aliment to‘lovchilar qaramog‘ida bo‘lgan 700 ga yaqin bolaning moddiy ta’minoti o‘zgarishi ta’kidlangan.

Qarshi shahridagi murojaatlarning 146 tasi oylik maoshlar kechikayotgani bilan bog‘liq. Hokimning birinchi o‘rinbosari oylik to‘lamayotgan tashkilotlarning moliyaviy ahvolini tahlil qilib, xomashyo, aylanma mablag‘, infratuzilma, bozor topish bilan bog‘liq masalalarini hokimning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosari va banklar bilan hal qilib beradi. Oylikni asossiz bermayotgan korxonalardan esa o‘rnatilgan tartibda majburiy undiriladi.

Qarshi shahrida bugungi kunda 35 ming xonadonli 930 ta ko‘p qavatli uy bor. Ularga 40 ta boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatmoqda. Ularning faoliyatidan norozilik bildirilgan 111 ta shikoyat kelib tushgan.

Hokimning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari eng ko‘p murojaat tushgan Cho‘lquvar, Nuriston, Oydin mahallasiga borib, aholi va boshqaruv kompaniyalari bilan uchrashishi belgilangan. Bunda boshqaruv kompaniyalari puldan qiynalayotgan bo‘lsa, ularga aylanma mablag‘ topib beradi.

Elektr, yo‘l, suv yoki kanalizatsiya bilan bog‘liq muammolar bo‘lsa, ushbu masalani Islohotlar shtabiga berib, investitsiya dasturiga qo‘shimcha kiritadi, Majburiy ijro byurosi bilan boshqaruv kompaniyalarining debitor qarzdorligini undirishga ko‘maklashadi.

Uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha Qarshi aholisidan 124 ta murojaat kelib tushgan. Qarshi shahrida bu yil 3 ming 700 ta xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilishi reja qilingan.

Hokim o‘rinbosarlari shahardagi banklar va developerlar bilan birgalikda uy-joy bo‘yicha murojaat qilganlar bilan birma-bir uchrashadi. Ularga yangi qurilayotgan uy-joylarni taklif etadi, kredit, subsidiya bo‘yicha masalalarini tezkorlik bilan hal qilib beradi.

Shahardagi davlat idoralarida 1,5 mingdan ziyod xodim ishlayapti. Ularning faoliyati bo‘yicha 794 ta shikoyat kelib tushgan. Masalan, ichki ishlar xodimlarining muomalasi va tergov sifati yuzasidan 281 ta ariza yo‘llangan.

Viloyat ichki ishlar boshlig‘ining kadr va jamoat xavfsizligi bo‘yicha o‘rinbosarlari haftaning bir kunini yosh tergovchilar, profilaktika inspektori, yo‘l va post-patrul xodimlarini o‘qitish, muomala madaniyatini o‘rgatishga bag‘ishlaydi.

Xodimlariga nisbatan e’tirozlar ko‘p bo‘lgan Majburiy ijro byurosi, soliq, elektr, suv va gaz, tibbiyot va ta’lim idoralarining rahbarlari ham o‘z ishini xuddi shu yo‘sinda tashkil qilishi zarurligi qayd etilgan.

Qarshi shahridan Xalq qabulxonasiga nafaqa bo‘yicha 877 ta murojaat kelib tushgan. Mazkur masalada murojaat qilgan ayollarning muammosini faqat nafaqa to‘lash nuqtai nazaridan emas, balki boshqa qiyinchil

Shahar hokimining ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bilan 309 nafar ayolning farzandini bog‘chaga joylashtiradi. Hokim yordamchilari va xotin-qizlar faollari bilan 82 nafar ishsiz ayolni kasbga o‘qitib, mahallaning o‘zida ishlashiga sharoit qilib beradi.

159 nafar yolg‘iz onalarning 90 nafariga tadbirkorlikni boshlash uchun, yana 69 nafariga esa faoliyatini kengaytirish uchun imtiyozli kredit olishga ko‘maklashiladi. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan 34 nafar nogironligi bor odamga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Qarshi shahri hokimiga har bir ariza va shikoyatni mana shunday tahlil qilib, mas’ullariga taqsimlab, birinchi yarim yillikda shaharni murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha namunali hududga aylantirish topshirildi. Bu jarayonda unga viloyat hokimi, uning o‘rinbosarlari, viloyatdagi tashkilotlar rahbarlari yaqindan ko‘maklashishi belgilandi.

Umuman, barcha hududlar va 208 ta tuman-shahar hokimlariga Qarshi shahri misolida aytilgan tizimni samarali yo‘lga qo‘yib, odamlarning og‘irini yengil qilish vazifasi qo‘yildi. Ular bu boradagi ish rejasini har oy mahalliy Xalq deputatlari kengashlarida tasdiqlatib, aholiga murojaat qiladi.

Xuddi shunday barcha vazirlar ham o‘z sohasida bo‘layotgan e’tirozlarni kamaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlab, brifing o‘tkazadi va rejalarini odamlarga yetkazadi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Xalq qabulxonalari aholi murojaatlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing