Endi qog‘oz ko‘rinishidagi tibbiy ma’lumotnomalarni talab qilish taqiqlandi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda vaqtinchalik nogironlik varaqalari va boshqa tibbiy ma’lumotnomalarni berish bosqichma-bosqich elektron shaklga o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida aytilgan.

Qayd etilishicha, ushbu amaliyot dastlab Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida 2023 yilning 1 iyulidan, Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlarida 2023 yil 1 oktyabrdan, 2024 yil 1 yanvardan respublikaning boshqa viloyatlarida tatbiq etiladi.

Shunday qilib, 2024 yil 1 yanvardan boshlab tibbiy ma’lumotnomalarni qog‘oz ko‘rinishida so‘rash taqiqlanadi.

Bundan tashqari, joriy yilning 1 iyulidan boshlab Toshkent shahrida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilmoqda.

2023 yil oxiriga qadar ambulator va statsionar sharoitda yotgan nogironlarni bepul tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya tadbirlari bilan qamrab olish 30 ming kishiga yetkazilishi kerak.

Buning natijasida bepul tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlaridan foydalanayotgan nogironlar soni 15 mingdan 30 ming nafarga oshiriladi. Loyihaga ko‘ra, joriy yilda 30 tagacha oilaviy poliklinika, 110 ta oilaviy vrachlik punkti, 520 ta tuman tibbiyot punkti tashkil etiladi.

Xususan, 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan 12,6 million nafar, surunkali kasalligi bo‘lmagan 40 yoshdan oshgan 6,3 million nafar va undan katta yoshdagi aholi yurak-qon tomir kasalliklari va qandli diabet, 3 million nafar saraton kasalligini erta aniqlash bo‘yicha profilaktik skriningdan o‘tkaziladi.

Orqa miya mushaklari atrofiyasi bo‘lgan 112 nafar bola dori vositalari bilan ta’minlanadi, 250 nafardan ortiq eshitish qobiliyati zaif bolalar koxlear implantatsiya (ovozni kuchaytirib beruvchi moslamani o‘rnatish) qilinadi, shundan 132 nafar bola nutq protsessorlari bilan almashtiriladi.

Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun 308,4 milliard so‘m yo‘naltiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing