Endi qamalganlarni bir koloniyadan boshqasiga o‘tkazishni sud hal qiladi
Jamiyat
−
24 mart 2023
4914Endi O‘zbekistonda mahkumlarni bir koloniyadan boshqasiga o‘tkazish masalasi Jazoni ijro etish muassasalari emas, balki sud tomonidan hal etiladi. Bu haqda kecha, 23 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzolagan “Jinoyat hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunda keltirilgan.
Qayd etilishicha, Jinoyat kodeksiga jazoni o‘tash muddatidan avval shartli ravishda ozod qilish mahkum og‘ir jinoyat uchun jazo muddatining kamida uchdan ikki qismini (ilgari yarmini edi), o‘ta og‘ir jinoyat uchun esa to‘rtdan uch qismini (ilgari uchdan ikki qismi edi) o‘taganidan keyin qo‘llanilishiga oid o‘zgartish kiritildi.
Mazkur jinoyatlar uchun jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish esa og‘ir jinoyat uchun jazoning yarmini (ilgari uchdan bir qismini edi) hamda o‘ta og‘ir jinoyat uchun jazoning uchdan ikki qismini (ilgari yarmini edi) o‘taganidan keyin qo‘llaniladi.
Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarni kino, foto, videotasvirga tushirishga va ulardan intervyu olishga ularning yozma roziligi bilan birga jazoni ijro etuvchi organning ruxsati ham olinishiga oid talab qo‘yildi.
Mahkumlarga navbatdagi uchrashuvdan mahrum qilish tarzidagi intizomiy jazo chorasi kiritildi.
Saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi deb topilgan mahkumlarga nisbatan sudga quyidagilar to‘g‘risida taqdimnoma kiritiladi:
- manzil-koloniyadan umumiy tartibli koloniyaga, umumiy, qattiq yoki maxsus tartibli koloniyalardan – turmaga o‘tkazish to‘g‘risida;
- manzil-koloniyadan umumiy yoki qattiq tartibli koloniyaga, qattiq tartibli koloniyadan – maxsus tartibli koloniyaga, koloniyadan – turmaga qaytarish haqida.
Ma’lumot uchun, avval mazkur tartiblar intizomiy jazo sifatida Jazoni ijro etish muassasalari tomonidan qo‘llanilgan. Endilikda esa ushbu masalalar sud orqali amalga oshiriladi.
LiveBarchasi