Endi davlat ishtirokidagi korxona rahbarlari tanlov asosida tayinlanadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda joriy yilning 1 iyulidan davlat ishtirokidagi korxona rahbari va uning o‘rinbosarlarini tayinlash tanlov asosida amalga oshiriladi. Bu bo‘yicha joriy yilning 24 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Unga ko‘ra, 2023 yil 1 maydan:

  • respublika mulki bo‘lgan davlat ko‘chmas mulklari va davlat aksiya paketlari (ulushlari) Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi, bundan Strategik islohotlar agentligi, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga tegishli ulushlar hamda Prezident qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;
  • davlat muassasalari va davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish bilan bog‘liq ta’sis hujjatlariga kiritiladigan o‘zgartirishlar Davaktiv agentligining tegishli buyrug‘i mavjud bo‘lganda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi;
  • davlat ko‘chmas mulk ob’ekti va bo‘sh yer uchastkalari negizida amalga oshiriladigan davlat-xususiy sheriklik loyihalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bitimi tuzilgach, 10 kun muddatda “Davlat mulki” axborot tizimiga kiritiladi;
  • vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat ko‘chmas mulki negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ularni begonalashtirish hamda davlat ishtirokidagi korxonalar va ular tizimidagi korxonalarga uchinchi shaxslar tomonidan investitsiya kiritishga oid kelishuvlar (bitim, shartnoma, memorandumlar) bo‘yicha majburiy tartibda Agentlik xulosasi olinadi.

2023 yil 1 iyuldan:

  • davlat ishtirokidagi korxonalarning rahbari va uning o‘rinbosarlarini tayinlash (saylash) tanlov asosida amalga oshiriladi, bundan Prezident qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;
  • davlat organlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar ma’muriy binolaridan xodimlar uchun belgilangan me’yordan kelib chiqib, samarali foydalanish tartibi joriy etiladi.

Shuningdek, davlat aktivlari, ularni boshqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilishning quyidagi yangi tizimi joriy qilinadi:

  • davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari, davlat ulushi, davlat unitar korxonalari va davlat muassasalari hamda ularga tegishli avtotransport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Agentlik rasmiy veb-saytida real vaqt rejimida e’lon qilinadi.

2023 yil 1 oktyabrgacha “Davlat mulki ob’ektlari bilan savdolarni o‘tkazish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirish portali” yaratiladi. Unda barcha davlat mulki ob’ektlarini savdoga chiqarish va uning natijalari to‘g‘risidagi axborotlar joylashtiriladi hamda ushbu tizim soliq organlarining axborot tizimiga integratsiya qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston rahbarlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing