Endi bo‘sh turgan bino va yer maydonlariga soliq to‘lanmaydi
Jamiyat
−
29 iyun 2022
20657Joriy yilning 1 iyulidan boshlab bo‘sh turgan bino va yer maydonlariga nisbatan mol-mulk va yer soliqlarining oshirilgan stavkalarini qo‘llash bekor qilinadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan kecha, 28 iyun kuni imzolagan “Soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish davrida biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda belgilangan.
Unga ko‘ra, joriy yilning 1 iyulidan foydalanilmayotgan ko‘chmas mulk ob’ektlariga ta’sirchan soliq mexanizmini qo‘llash bekor qilinadi — bo‘sh turgan binolar, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun mo‘ljallanmagan inshootlar, shuningdek, tugallanmagan qurilish ob’ektlari hamda ushbu ob’ektlar bilan band bo‘lgan yer uchastkalariga nisbatan mol-mulk va yer soliqlarining oshirilgan stavkalari qo‘llanilmaydi, soliq imtiyozlari va preferensiyalarning amal qilishini to‘xtatish bekor qilinadi.
2022 yil 1 iyuldan:
• majburiy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida e’tirof etiladigan tadbirkorlik sub’ektlariga qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma soliq xavfi darajasiga aniqlik kiritilmasdan turib avtomatik ravishda beriladi. Bunda tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati soliq organlari tomonidan monitoring qilib boriladi va monitoring davomida soliq xavfi holatlarining aniqlanishi qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib qo‘yishga asos bo‘ladi;
• soliq xavfining yuqori darajasiga ega soliq to‘lovchilarning qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnomaning amal qilishi bu haqida soliq organlari tomonidan besh ish kuni oldin xabarnoma yuborilgandan so‘ng hamda mazkur muddatda kamchiliklar bartaraf etilmagan taqdirda to‘xtatib turiladi (bundan amalga oshirilayotgan bitimlar (operatsiyalar) xarid qilinayotgan va realizatsiya qilinayotgan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga muvofiq kelmasligi yoki soliq to‘lovchi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan manzilda mavjud bo‘lmaganligi holatlari mustasno).
Shuningdek, 2023 yil 1 martga qadar:
• hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida tovarlar (xizmatlar) identifikatsiya kodlari (MXIK)ni noto‘g‘ri aks ettirganlik uchun moliyaviy jarima qo‘llanilmaydi;
• xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarini hisobga olish hamda o‘z ustav fondini shakllantirish va kamaytirish bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni “E-aktiv” AAT aks ettirish ixtiyoriy hisoblanadi.
LiveBarchasi