Endi bola bir vaqtning o‘zida ota va onasidan aliment undirishi mumkin

Jamiyat

image
Yoshlar qatlamini 18 dan 35 yoshgacha qilib belgilash taklif qilinmoqda north_east

Yoshlar qatlamini 18 dan 35 yoshgacha qilib belgilash taklif qilinmoqda

O‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola bir vaqtning o‘zida ota va onadan voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqli. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunida qayd etilgan.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining Oila ­kodeksiga quyidagicha qo‘shimchalar kiritilmoqda:

Qaror qabul qilishga vakolatli bo‘lgan organlar va mansabdor shaxslar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qat’i nazar, ko‘rib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi kerak.

Ota-ona va bola alohida-alohida yashagan taqdirda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola bir vaqtning o‘zida ota va onadan voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqli.

Shuningdek, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunda ham quyidagicha qo‘shimchalar kiritiladi:

Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganda, shu jumladan ota-ona (ulardan biri) yoki ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslar bolaga ta’minot, tarbiya va ta’lim berish bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaganda yoki lozim darajada bajarmaganda yoxud ota-onalik huquqlarini suiiste’mol qilganda bola o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini so‘rab vasiylik va homiylik organiga, shuningdek boshqa davlat organlariga mustaqil ravishda murojaat qilishga haqli. Bunday murojaatlarni bola to‘liq muomala layoqatiga ega bo‘lmaganligi sababli ko‘rib chiqmasdan qoldirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Oilada har qanday masala hal qilinayotganda bola o‘z fikrini ifoda etishga, shuningdek har qanday sud muhokamasi yoki ma’muriy muhokama jarayonida so‘zlashga haqlidir. Bunda qaror qabul qilishga vakolatli bo‘lgan organlar va mansabdor shaxslar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qat’i nazar, ko‘rib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi kerak.

Shu bilan birga “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunga kirilayotgan qo‘shimchaga asosan, voyaga yetmagan shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishning o‘ziga xos xususiyatlari quyidagicha:

Voyaga yetmagan shaxslar o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi masalalari yuzasidan davlat organlariga, tashkilotlarga yoki ularning mansabdor shaxslariga ushbu Qonunda belgilangan tartibda mustaqil ravishda murojaat berishga haqli. Davlat organlari, tashkilotlar yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan voyaga yetmagan shaxsning murojaatlarini ko‘rib chiqish uning qonuniy vakillari, shuningdek vasiylik va homiylik organlari ishtirokida amalga oshirilishi mumkin. Voyaga yetmagan shaxslar to‘liq muomala layoqatiga ega bo‘lmaganligi sababli ularning murojaatlarini ko‘rib chiqmasdan qoldirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Murojaatda qo‘yilgan masalalarni hal etish o‘z vakolatiga kirmaydigan davlat organlari, tashkilotlar, shuningdek ularning mansabdor shaxslari murojaatni tegishli davlat organiga, boshqa tashkilotga yoki mansabdor shaxsga yoxud vasiylik va homiylik organiga yuborishi shart.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

79

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing