Endi aeroport hududidagi kameralar ham jarima soladi
Jamiyat
−
20 Oktabr 2023
5643Toshkent xalqaro aeroportidagi estakadasida ruxsat etilgan to‘xtash vaqtidan ortiqcha turgan haydovchilar jarimaga tortiladi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, aeroport hududida o‘rnatilgan qoidalarga rioya etmaganlarga jarima solish bo‘yicha tizim joriy yilning 1 noyabrdan boshlab avtomatik ravishda ishlay boshlaydi. Shu vaqtgacha yurish qoidalariga rioya qilish va yo‘l o‘tkazgichda harakatni tartibga solish aeroport xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgandi.
Xabarda keltirilishicha, aeroport estakadasida bir vaqtning o‘zida 30 tagacha avtomobil bo‘lishi mumkin. Sayyohlik avtobuslarini hisobga olgan holda bu raqam 17 tagacha kamayadi. Uzoq turishni rejalashtirayotgan haydovchilarga jo‘nash terminali oldidagi avtomobil turar joylaridan foydalanish tavsiya etilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2021 yil iyul oyidan boshlab Toshkent aeroporti yo‘l o‘tkazgichiga kirish yo‘lovchilar va kuzatuvchilar uchun ochilib, muayyan qoidalar o‘rnatilgan.
Xususan, turli toifadagi transportlar uchun – yengil avtomobillar uchun – 5 daqiqagacha, turistik avtobuslar va mikroavtobuslar uchun – 10 daqiqagacha to‘xtab turish vaqti belgilangan. Unga ko‘ra, yo‘l o‘tkazgichning o‘ng va chap qismlarini ajratib turuvchi sariq chiziqda ham to‘xtash taqiqlanadi.
LiveBarchasi