Endi advokatlik qilish uchun qo‘shimcha ish staji talab qilinmaydi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganlardan so‘raladigan kamida ikki yillik ish staji talabi bekor qilinmoqda.  Bunga oid “Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 31-moddasiga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun bugun, 4 avgust kuni Senatning qirq uchinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanishicha, hozirda advokaturaga ishga qabul qilish tartibini soddalashtirish, shuningdek advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga doir litsenziyani olish tartibini yengillashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Shu boisdan ushbu qonun bilan advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga doir litsenziyani olish uchun imtihon topshirishga talabgor shaxsning yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lishi to‘g‘risidagi talab bekor qilinmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning qabul qilinishi mazkur sohaga yosh kadrlarni va yuridik mutaxassislik bo‘yicha ikki yillik ish stajiga ega bo‘lmagan kadrlarni jalb etish tizimini ishlab chiqishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda respublikada 4 625 nafar advokat faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, shundan 30 yoshgacha bo‘lganlar soni atigi 51 nafar (1,10 foiz)ni tashkil qilmoqda. Shu bois advokatura sohasiga yosh kadrlarni jalb qilish jarayonlarini soddalashtirish kerak.

Senator Narimon Umarovga ko‘ra, mamlakatda umumiy hisobda har 7,6 ming aholiga atigi 1 nafar advokat to‘g‘ri kelmoqda. Xalqaro standartlarga ko‘ra esa, ushbu ko‘rsatkich juda past hisoblanadi. Masalan, Isroilda – har 136 aholiga, Italiyada – har 265 aholiga, Germaniyada – har 499 aholiga, Rossiyada – har 1 ming 870 aholiga, Qozog‘istonda – har 3 ming 932 aholiga 1 nafar advokat to‘g‘ri keladi.


Maqola muallifi

Teglar

ish staji advokatlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing