Endi hech kim osonlikcha birovning uyini “snos” qila olmaydi – Davletov

Jamiyat

image

“Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi, ushbu hujjat xalqning ko‘p yillardan buyon qiynab kelgan muammolariga barham beradi. Bu haqda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Facebook sahifasida yozib qoldirgan. 

“Yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga asos bo‘ladigan maqsadlarning tugal ro‘yxati tasdiqlanmoqda. Endi qonunda belgilangan haqiqatan ham jamoat ehtiyoji bo‘lgan 6 ta maqsaddan boshqa har qanday holatlarda yer uchastkalarini olib qo‘yishni jamoat ehtiyojlari uchun deb baholash taqiqlandi.

Qonunning yana bir yutug‘i shundaki, yer uchastkasi jamoat ehtiyojlarini amalga oshirish uchun boshqa chora bo‘lmaganda – eng so‘nggi chora sifatidagina olib qo‘yilishi mumkin. Eng muhimi tashabbuskor yer uchastkasini olib qo‘yish eng so‘nggi chora ekanini mahalliy kengash va jamoatchilik oldida isbotlab berishi kerak bo‘ladi.

Endi “snos”ga tushgan bino uchun kompensatsiya to‘lashga zarur mablag‘ bo‘lmasa, bunday tashabbus bilan chiqilmaydi, ya’ni “buzaveraylik-chi, kompensatsiya bir gap bo‘lar” qabilidagi gaplar ketmaydi”, deydi Ruslanbek Davletov.

Adliya vaziriga ko‘ra, endi yer uchastkasini olib qo‘yish tashabbusini ma’qullashdan boshlab, uni olib qo‘yish, olib qo‘yilgan yer uchastkasidagi ko‘chmas mulklarni buzishga bo‘lgan jarayonlarda ushbu masala mahalliy kengash deputatlari tomonidan naqd 3 marotaba ko‘rib chiqiladi. 

Bunda Konstitutsiyaga kiritilayotgan mahalliy kengash va hokimlik vakolatlari aniq ajratib qo‘yilayotganini inobatga olsak, tashabbuskorlarning buzish jarayonlarini “tezlashtirib” yuborishi borasida havotirga o‘rin qolmaydi. 

“Qonunning eng asosiy prinsiplaridan biri bu jarayonning ochiqligidir, shunga monand ravishda huquq egalari bilan ochiq muhokama o‘tkazishdan boshlab, qolgan har qanday bosqichda jarayonlar 100 foiz ochiq, ya’ni huquq egalari ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik ishtirokida o‘tkazilishi belgilandi.

Huquq egasi bilan kelishuvga erishilmagan taqdirda, huquq egasini kelishuvni imzolashga jismonan majbur qilish maqsadida turar yoki noturar joyni suv, kanalizatsiya, elektr, aloqa (internet ham), issiqlik va gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yishga, kirib chiqish yo‘lini to‘sib qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deydi Davletov. 

Qayd etilishicha, endi qonun bilan quyidagi huquqlar kompensatsiya qilib berilishi aniq qilib belgilab qo‘yilyapti:

• ko‘chmas mulk ob’ektlarining bozor qiymati;
• olib qo‘yilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati (qishloq xo‘jaligi yerlaridan tashqari);
• ko‘p yillik dov-daraxtlarning bozor qiymati;
• ko‘chish va boshqa uyni vaqtinchalik ijaraga olish bilan bog‘liq xarajatlar;
• yer uchastkasidan va unda joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlaridan foydalanishdan olinishi mumkin bo‘lgan boy berilgan foyda;
• huquq egasining boshqa xarajatlari va zararlari.

“Xatto ko‘pchilik davlatlarda mavjud bo‘lmagan yangi turdagi to‘lov kompensatsiya kiritilmoqda huquq egasiga keltirilgan noqulayliklar uchun ko‘chmas mulk bozor qiymatining 5 foizi miqdorida bir martalik to‘lov amalga oshiriladi.

Yana bir muhim kafolat shundan iboratki huquq egasiga qonuniy tegishli bo‘lgan yerda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar va noturar joylar uchun ham kompensatsiya to‘liq beriladi.

Bundan tashqari buzishga tushganda kompensatsiya beriladigan uy-joylar ko‘lami kengaytirildi – endi agar aholi punkti ichida joylashgan, lekin “kadastri bo‘lmagan” uylar buzilsa ham, agar ushbu yer bo‘yicha 15 yildan ortiq soliqlar to‘lab kelingan bo‘lsa kompensatsiya to‘lanadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ushbu qonun 3 mlnga yaqin hujjatsiz uylarni buzilishdan “sug‘urtalaydi”.

Zamonamizda biror bir jarayonni raqamlashtirishsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, shunga yarasha endilikda “snos” bilan bog‘liq barcha huquqiy jarayonlar elektron tizimlar orqali amalga oshiriladi, shu jumladan, qabul qilingan qarorlar, tuzilgan shartnomalar va berilgan kompensatsilarning hisobi elektron yuritiladi.

Fuqarolarimizni qonun kuchga kirgach amaliyotda undan o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilishda faol foydalanishga chaqirib qolamiz”, deya so‘zini tugatgan Adliya vaziri.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

131

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing