Endi Hajga navbatlarni onlayn ko‘rish mumkin

Jamiyat

image

Endilikda O‘zbekistonda hududlar kesimida Haj ziyoratiga borish uchun navbatda turgan fuqarolarning yagona onlayn navbati Ochiq ma’lumotlar portalida e’lon qilinadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bugun, 27 noyabr kuni imzolangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda keltirilgan

Hujjatga ko‘ra, 2023 yil 1 dekabrdan boshlab Ochiq ma’lumotlar portali hamda vazirlik va idoralarning veb-saytlariga boshqa ochiq ma’lumotlar qatorida hududlar kesimida Haj tadbiriga borish uchun navbatda turgan ziyoratchilarning yagona onlayn navbati to‘g‘risidagi (ziyoratga boruvchi shaxsning arizasi navbatga qo‘yilgan sana va ro‘yxatdagi tartib raqami) ma’lumotlar ham e’lon qilinadi.

Shuningdek, bolalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilish uchun berilgan arizalar navbati (ro‘yxati) to‘g‘risidagi (ariza navbatga qo‘yilgan sana, ro‘yxatdagi tartib raqami, yosh guruhi hamda tashkilot raqami) ma’lumotlar ochiq ma’lumotlar qatoriga qo‘shiladi.

Bundan tashqari, farmon bilan davlat organlari va tashkilotlarida davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillarini belgilovchi xarid komissiyasining ichki idoraviy tartibi (nizom, reglament, yo‘riqnoma yoki boshqa ichki idoraviy hujjat) yuqoridagilar kabi ro‘yxatga kiritiladi.

Endilikda markaziy, hududiy va tizim tashkilotlarida bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish shartlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va taqdim qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham Ochiq ma’lumotlar portalidan topish mumkin bo‘ladi. 

Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarga taqdim etilgan grant va ijtimoiy buyurtma loyihalari haqidagi ma’lumotlar, shu jumladan, g‘olib bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari va ularning buyurtma doirasida bajargan ishlari yuzasidan hisobotlari haqidagi ma’lumotlar ham e’lon qilinadi.

Prezident farmoni bilan shuningdek, korrupsiyaga oid jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha yangi tizim joriy etilmoqda.

Unga ko‘ra, har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlari kesimida sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlarni tahlil qiladi va ushbu jinoyatlar oshgan davlat organlari va tashkilotlariga kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar belgilash uchun Agentlik xodimlari ishtirokida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritib boradi.

Har yarim yilda jinoyatlarning oldini olish hamda ularga imkon bergan omillarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar Milliy kengash yig‘ilishlarida tegishli davlat organi va tashkilotlarining birinchi rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

Haj Ochiq ma'lumotlar portali Prezident farmoni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing