Endi harbiy oliygoh bitiruvchilari o‘qish xarajatlarini qaytaradi, agar...
Jamiyat
−
04 noyabr 2025 23305 2 daqiqa
Endilikda O‘zbekistonda 5 yil xizmat o‘tamagan harbiy oliy ta’lim muassasasi bitiruvchilari o‘qish xarajatlarini qaytaradi. Bu haqda kecha, 3 noyabr kuni Prezident qarori bilan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi nizomda so‘z boradi.
Qaror bilan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchaga ko‘ra, oliy harbiy ta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘qishni bitirgandan so‘ng ofitser lavozimlarida 5 kalendar yil davomida xizmatni o‘tamaganda, ulardan o‘qitish uchun sarflangan mablag‘lar undirib olinishi belgilandi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, fuqarolar oliy harbiy ta’lim muassasasini tamomlagandan so‘ng 5 kalendar yil mobaynida ofitserlar tarkibi lavozimlarida harbiy xizmatni o‘tashi, xizmatni o‘tamaganda o‘qitish uchun sarflangan mablag‘larni davlat byudjetiga qaytarishi lozimligi belgilangan.
Shu bilan birga, bugungi kunda oliy harbiy ta’lim muassasalari bitiruvchilari nafaqat harbiy xizmatchi bo‘lib, balki xodim sifatida ham xizmatni o‘tash uchun boshqa vazirlik va idoralarga yuborilayotgani sababli ushbu bitiruvchilarning xodim sifatida 5 kalendar yil davomida xizmatni o‘tashga majburligini qonunchilikda belgilash zarurati yuzaga kelgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Chaqiriluvchilarni tanlab olish tartibi to‘g‘risida”gi nizom bilan O‘zbekistonda harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni tanlab olish tartibi belgilangandi. Unga ko‘ra, chaqiriluvchilar tanlovda 1 yilda faqat 1 marta ishtirok etishi mumkin. Tanlov chaqiruv yilidan avvalgi yilning 10 avgustidan chaqiruv yilining 10 fevraliga qadar o‘tkaziladi.
Live
Barchasi