Endi har bir viloyatga 100 million so‘mgacha mablag‘ ajratiladi. Nima uchun?

Jamiyat

image

Endi 10 apreldan boshlab, mahalla, tuman, viloyat va respublika bosqichlaridan iborat ommaviy sport tadbirlari o‘tkaziladi. Ularni tashkil etish uchun “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan har bir viloyatga 100 million so‘mgacha, g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash uchun 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 1 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, mamlakatda so‘nggi uch yilda 118 ta sport majmuasi, mahallalarda 7 mingta sport maydonchasi foydalanishga topshirilgan. Bugungi kunda 3 ming 500 ta mini-futbol, 6 mingta basketbol, voleybol, 663 ta badminton maydonlari, mingdan ortiq fitnes zallari mavjud. Har bir tuman va shahar markazlarida “Salomatlik yo‘laklari” va velosiped yo‘llari tashkil etilgan.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, Sportni rivojlantirish vazirligi mahallalardagi yoshlar yetakchilari bilan birga yil davomida 6 million nafar o‘g‘il-qizlarni ommaviy sport tadbirlariga qamrab olishi kerak. Buning uchun 10 apreldan boshlab, mahalla, tuman, viloyat va respublika bosqichlaridan iborat ommaviy sport tadbirlari o‘tkaziladi. Ularni tashkil etish uchun “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan har bir viloyatga 100 million so‘mgacha, g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash uchun 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar tuman va shahar, viloyat hamda milliy terma jamoalar tarkibiga saralab olinadi.

Shuningdek, mahallalarda sport infratuzilmasini yaxshilash, loyihalar qiymatini maqbullashtirib, maydonchalar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar ham berildi. Ommaviy sport tadbirlarida yoshlarning ishtiroki bo‘yicha mahallalar reytingini ishlab chiqish, “qoniqarsiz” deb topilgan joylarga taniqli murabbiy va sportchilarni biriktirib, sportni rivojlantirish zarur.

Olimpiya va paralimpiya o‘yinlari, xalqaro musobaqalar g‘oliblari bilan mahalla yoshlari o‘rtasida motivatsion uchrashuvlar o‘tkazish muhimligi aytildi. Shularni inobatga olgan holda, ommaviy sportni yanada rivojlantirish, joriy yil Xanchjouda o‘tadigan Osiyo o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, sport murabbiylari tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qarorlar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Ma’lumki, shu yil 14 mart kuni boks bo‘yicha Bahodir Jalolov, gimnastika bo‘yicha Oksana Chusovitina sport mahorati maktablarini tashkil etishga doir Prezident qarorlari qabul qilingan edi. Yig‘ilishda shu borada amalga oshiriladigan ishlar ham taqdimot qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

250

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing