“Elektr uzildi” degan gap odamlarning esidan chiqib ketdi – Shavkat Abdurazzoqov (video)
Jamiyat
−
18:16 1752 2 daqiqa
O‘zbekistonda “elektr uzildi” degan gap odamlarning esidan chiqib ketdi. Bu haqda kecha, 25 avgust kuni Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Prezident ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi arafasida 143 ta loyihaga start berish marosimida so‘z ochdi.
“Energiya saqlash tizimida turibmiz. Bitta narsaga amin bo‘lib, hamma qaytaryaptiki, O‘zbekistonda, Namanganda elektr uzildi degan gap odamlarning esidan chiqib ketdi. Mana, hurmatli Prezidentimizning so‘nggi yillardagi eng katta islohotlarining natijasi degan ishonch hosil qilindi. Chunki Namanganning o‘zida ikkita 500 megavattli quyosh elektr stansiyasi, Uchqo‘rg‘on, Norin, Uychi tumanlarida 300 megavattga yaqin GESlar qurilishi, Pop tumanida ham yana 200 megavattli qurilishi aytilgan gaplarning isboti”, deydi Shavkat Abdurazzoqov.
Uning bildirishicha, Namangan viloyatiga o‘tgan yili 4 milliard dollar investitsiya kiritilgan. Bu yil sakkiz oyda 3 milliard 200 million dollar va yil yakuni bilan 5 milliard dollar investitsiya kiritiladi. Buning ustida ishlanyapti, aniq loyihalar bor.
“Kuni kecha Ozarbayjon bilan ham siz 210 million dollarlik uchta loyihamizga start bosib berdingiz. Bu yilning o‘zida 1300 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlayapmiz. Umuman, so‘nggi yillarda 6400 kilometr ichki yo‘llar asfaltlandi. Hurmatli Prezident, bunaqangi ishlar hech qachon bo‘lmagan, birorta soha qolgani yo‘q. Bu yilning o‘zida 12 trillionlik barcha manbalar hisobidan investitsiyalar o‘zlashtirilyapti. Biz sizga va’da beramiz, yil yakuni bilan oldimizga qo‘ygan kambag‘allikdan chiqarish, ishsizlikni bartaraf qilish bo‘yicha topshiriqlarni bajaramiz”, deydi Namangan viloyati hokimi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mamlakat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan hududlarda yangi ob’ektlarni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgan edi.